
2025-yil yozidan boshlab Telegram foydalanuvchilari xAI kompaniyasining ilg‘or sun’iy intellekti – Grok chatbotidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu haqda Telegram asoschisi Pavel Durov ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Ilon Mask va Pavel Durov o‘rtasida imzolangan hamkorlik kelishuviga ko‘ra, Grok Telegram ilovalarining barcha versiyalariga integratsiya qilinadi.
Mazkur hamkorlik Telegram uchun nafaqat texnologik yangilik, balki moliyaviy jihatdan ham foydali bitim hisoblanadi. Telegram xAI kompaniyasidan $300 mln miqdorida naqd pul va aksiyalar oladi, shuningdek, Telegram orqali sotilgan xAI obunalarining 50 foizi daromadini qo‘lga kiritadi.
“Biz har doim foydalanuvchilarimizga eng ilg‘or texnologiyalarni taqdim etishga intilamiz. Grok chatboti bu yo‘lda muhim qadam bo‘ladi», – deydi Durov.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Durov Telegram 12 yil davomida hech qachon shaxsiy xabarlarni oshkor qilmagani haqida ma’lum qilgan edi.