
Xiaomi kompaniyasi Xitoyda qahva donasi hidini beruvchi yangi Civi 5 Pro Iced Americano smartfonini taqdim etdi. Bu haqda Android Authority nashri xabar berdi.
Qurilmaning orqa paneli vegan charmidan yasalgan bo‘lib, unga qayta ishlangan qahva quyqasi o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchining aytishicha, telefon yengil qahva hidi taratadi va bu hid kuchli emas.
Smartfon 6,55-dyuymli 120 Gs yangilanish chastotasiga ega OLED-displeyga, Snapdragon 8s Gen 4 protsessori va 67 Vt tez zaryadlanuvchi 6000 mA/soat sig‘imli batareyaga ega. Selfi uchun 50 megapikselli kamera o‘rnatilgan, asosiy kameralar tarkibida esa 50+50+12 megapikselli sensorlardan iborat bo‘lib, ular tele va keng burchakli linzalar bilan jihozlangan.
Qurilmaning og‘irligi 181 grammni tashkil etadi, qalinligi esa 7,45 mm. Narxi 2999 yuan (taxminan $410). Hozircha bu model faqat Xitoyda sotuvga chiqarilgan. Global bozorlarda paydo bo‘lishi haqida rasmiy ma’lumot mavjud emas.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 27-may kuni dollarning o‘rtacha kursi 12 886,90 so‘mni tashkil qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Xiaomi kompaniyasi eng kuchli planshetini taqdim etgani haqida yozgandi.