
Amerikada havodan benzin ishlab chiqaradigan qurilma taqdim etildi. U havo tarkibidagi moddalarni qayta ishlash orqali haqiqiy avtomobil benzini ishlab chiqarishga qodir. Bu haqda Popular Science xabar qildi.
Nyu-Yorkdagi Aircela startapi Manxettenda dunyo bo‘yicha birinchi uy sharoitida ishlatiladigan qurilmaning ommaviy namoyishini o‘tkazdi.
Bu atmosferadagi karbonat angidridni bevosita ushlab qolish (Direct Air Capture – DAC) texnologiyasiga asoslangan ixcham va ko‘chma modul hisoblanadi. Odatda karbonat angidridni ushlash texnologiyalari yirik sanoat korxonalarida, masalan, elektr stansiyalarida yoki zavodlarda qo‘llaniladi.
Yevropada bu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan bir nechta tizimlar mavjud. Ayrimlari (masalan, Climeworks) havoni filtrlaydigan yirik ventilyatorlardan foydalanadi, boshqalari esa (masalan, Carbon Engineering) CO2 gazini bog‘lovchi kimyoviy moddalarni purkaydi.

Biroq Aircela bundan ham bir qadam oldinga bordi. U faqat karbonat angidridni tutib qolish bilan cheklanmay, balki uni darhol benzinga aylantiradi. Olingan yonilg‘i tarkibida oltingugurt, etanol yoki og‘ir metallar yo‘q. Qurilma uchta katta ko‘k rangli olti burchakli blokdan iborat: ikkitasi pastki qismda, bittasi esa yuqorida joylashgan. Har bir blok havo ushlash va yonilg‘ini sintez qilish bosqichlari uchun alohida mas’ul. Qurilmaning orqa qismida esa oddiy benzin quyish moslamasi o‘rnatilgan.

Ushbu qurilmani oddiy xonadonga o‘rnatish va avtomobilni shu yerning o‘zida yonilg‘i bilan ta’minlash mumkin. Hozircha qurilma faqat bitta nusxada mavjud. Ammo startap rahbariyati kelgusida bu kabi «shaxsiy zapravkalarni» millionlab ishlab chiqarishga tayyor ekanliklarini bildirmoqda.
«Biz prototip yasamadik, balki to‘liq ishlaydigan qurilma yasadik. Odamlar ushbu taqdimotdan shunday xulosa bilan chiqishini xohlaymiz», – dedi Aircela kompaniyasining hammuassisi va bosh direktori Erik Dalgren.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda ijodiy Start-Up loyihalari uchun 37,5 mln so‘mlik grant ajratilishi haqida yozgandi.