Aprel oyida O‘zbekiston banklarida NPL miqdori 0,6 foizga ko‘paydi

eʼlon qilindi
Xususiy banklarda kredit portfeli 4,2 trln so‘mga oshdi
NPL
Foto: MaksLab / depositphotos.com

1-may holatiga ko‘ra, muammoli kreditlar umumiy miqdori 23,6 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1-aprel bilan solishtirilganda 0,6 foizga ko‘paygan. Jami kreditlardagi NPL ulushi esa 4,2 foizga pasaygan. Aprel oyida bu ko‘rsatkich 4,3 foizni tashkil qilgan.

Bunday pasayish banklarning kredit portfeli o‘sganligi bilan izohlanadi. Aprel oyida banklarning kredit portfeli 565,5 trln so‘mni tashkil qilgan. Mart oyiga nisbatan 13,7 trln so‘mga oshgan.

Davlat ulushi mavjud banklar

Muammoli kreditlarning asosiy qismi davlat ulushi mavjud banklarga to‘g‘ri kelmoqda. Ularning jami qarzi 15,9 trln so‘mdan ortiqni tashkil qilgan. Bu aprel oyiga nisbatan 0,8 foizga kamaygan.

Davlat banklari orasida qaytarilmayotgan kredit qarzdorligi eng yuqori bank sifatida aprel oyida ham «O‘zmilliybank» 3,3 trln so‘m bilan yetakchilik qilgan. Ammo bankning jami kreditlardagi NPL ulushi 3,2 foizdan 3 foizga tushgan.

Shuningdek, «Agrobank»da 2,8 trln so‘m (NPL 4,2%), «O‘zsanoatqurilishbank»da 2,7 trln so‘m (3,9%), «Asaka bank»da 1,9 trln so‘m (4,8%) va «Biznesni rivojlantirish banki»da 1,8 trln so‘mga (7,9%) yetgan.

Xususiy banklar

Xususiy banklarda kredit portfeli 4,2 trln so‘mga oshib, 176,5 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, NPL miqdori esa 7,6 trln so‘mni tashkil qilgan. Kredit portfelidagi umumiy ulush 4,3 foizda saqlanib qolgan.

Muammoli kreditlar ko‘rsatkichi yuqori banklar qatorida «Ipoteka-bank» 3,4 trln so‘m (portfeldagi ulushi 9,7%) so‘m bilan yetakchi o‘rinda turibdi.

Xususiy banklarda kredit portfelida muammoli kreditlar ulushi yuqori banklar esa quyidagilar:

  • «Garant bank» – 22,4% (muammoli kreditlar 164 mlrd so‘m);
  • «AVO bank» – 12,7% (58 mlrd so‘m);
  • «Yangi bank» – 9,1% (10 mlrd so‘m).

Ma’lumot uchun, muammoli kredit (NPL) deb to‘lov muddati 90 kundan oshgan va qaytarilmayotgan kreditlarga aytiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mart oyida «Ipoteka-bank» O‘zbekistondagi banklar orasida muammoli kreditlar bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkichni qayd etgani haqida yozgandi.

Shuningdek