
Changan kompaniyasi yangi avlod Changan Uni-Z 2025 krossoverini taqdim etdi. Bu haqda Autohome xabar bermoqda.
Yangi model bir vaqtning o‘zida benzinli va gibrid versiyalarda taqdim etildi va o‘zining zamonaviy dizayni, keng saloni va ilg‘or texnologiyalari bilan e’tiborni tortmoqda.

Yangi Changan Uni-Z benzinli va gibrid versiyalarda taklif etilmoqda. Benzinli versiya 1,5 litrli turbomotor bilan jihozlangan bo‘lib, 192 ot kuchiga ega. Bu dvigatel yordamida avtomobil 100 km/soat tezlikka 7,8 soniyada erishadi. Yonilg‘i sarfi WLTC sikli bo‘yicha 7,13 l/100 km.
Gibrid versiya esa 1,5 litrli atmosferali benzin dvigateli va elektromotordan iborat kuchli tizimga ega. Uning umumiy quvvati 215 ot kuchi, 0–100 km/soat tezlikka chiqish muddati esa 7,4 soniyani tashkil qiladi. Elektr dvigatel yordamida to‘liq elektr yurish zaxirasi 125 km bo‘lib, umumiy yurish masofasi 1200 kmga yetadi. Yoqilg‘i sarfi esa atigi 5,15 l/100 km.
Avtomobilning narxlari Xitoyda benzinli versiya uchun 80 900 – 89 900 yuan (taxminan $12 ming), gibrid versiya uchun esa 86 900 – 93 900 yuan (ya’ni $13 ming) etib belgilangan.

Yangi Uni-Z Changan’ning korporativ dizayn uslubida yaratilgan. Bu kichik krossover emas: uzunligi – 4730 mm, kengligi – 1890 mm, balandligi – 1660 mm, g‘ildirak bazasi – 2795 mmni tashkil etadi.
Bu ko‘rsatkichlar avtomobilni Geely Atlas darajasidagi to‘liq o‘lchamli krossoverga aylantiradi.
Yangi Changan Uni-Z 2025 o‘zining zamonaviy va funksional interyeri bilan ajralib turadi. Krossover salonida haydovchi va yo‘lovchilar uchun barcha zaruriy qulayliklar yaratilgan. Avtomobil raqamli asboblar paneliga ega bo‘lib, uning ekrani 10,25 dyuymni tashkil etadi. 14,6 dyuymli katta multimedia ekrani markaziy konsolga o‘rnatilgan bo‘lib, avtomobilning axborot-ko‘ngilochar tizimini boshqarish imkonini beradi.

Salonda charm qoplamali o‘rindiqlar qo‘llanilgan, multifunksional rul esa haydovchiga boshqaruvni qulay tarzda amalga oshirishga yordam beradi. Klimat-kontrol tizimi esa salonda haroratni avtomatik tarzda saqlab turadi.
Shuningdek, avtomobil 50 vatt quvvatli simsiz zaryadlash qurilmasi bilan jihozlangan bo‘lib, smartfonlarni tez va qulay zaryadlash imkonini beradi. Old o‘rindiqlarda isitish, ventilyatsiya va xotira funksiyalari mavjud. Bu esa uzoq safarlarda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Changan CS75 Plus Ultra taqdim etilgani haqida yozgan edi.