Eksport bilan bog‘liq muammolar haqida xabar berish uchun Telegram bot ishga tushdi

25-maydan Respublika eksport shtabi tomonidan @miit_tashqisavdo_bot Telegram-boti ishga tushirildi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Bu bot orqali barcha tadbirkorlar tashqi savdo bilan bog‘liq muammo va takliflarini yuborishlari mumkin. Maxsus savdo menejerlari qisqa vaqt ichida javob berishadi.
Shuningdek, 24/7 rejimida ishlovchi Respublika eksport shtabi koll-markaziga +998 71 238-52-52 raqami orqali murojaat qilish mumkin.
«Kursiv» nashri koll-markaz bilan bog‘lanib, fuqarolar elektr energiyasi, tabiiy gaz, aylanma mablag‘lar, qo‘shimcha qiymat solig‘i va eksport bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha markazga murojaat yo‘llashlari mumkinligi haqida ma’lumot oldi. Arizalar 15 kundan 30 kungacha ko‘rib chiqilib, javob xati yuboriladi yoki mutaxassis bog‘lanadi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda yanvar – aprel oylarida eksport hajmi $11,8 mlrd, import esa $12,7 mlrdni tashkil etdi. Importning eksportdan yuqori bo‘lishi natijasida tashqi savdo balansida $846,3 mlnlik salbiy farq (manfiy saldo) yuzaga keldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tashqi savdo shartnomalari endi faqat «E-kontrakt» orqali yuritilishi haqida yozgandi.