Hailey Bieber Rhode brendini $1 milliardga sotdi

Hailey Bieberning go‘zallik brendi Rhode $1 mlrd evaziga e.l.f. kompaniyasi tomonidan xarid qilindi. Bu haqda Forbes nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, mazkur xarid e.l.f. uchun hozirgacha eng yirigi bo‘lib, 2023-yilda $355 mlnga xarid qilingan Naturium brendini ortda qoldirdi.
2022-yilda tashkil etilgan Rhode oxirgi moliyaviy yilda $212 mln daromad oldi. Shu yil boshida brend mahsulotlari Shimoliy Amerika va Buyuk Britaniyadagi Sephora do‘konlarida sotila boshlanishi e’lon qilindi.
Hailey Bieber kompaniyaning asoschisi va hozirgi ijodiy direktori sifatida, shuningdek, innovatsiyalar bo‘yicha rahbar sifatida faoliyat yuritadi. Uning ijtimoiy tarmoqlardagi kuchli ta’siri va taniqli shaxs sifatida obro‘si brend muvaffaqiyatiga katta hissa qo‘shmoqda.
Ma’lumot uchun, e.l.f. va Rhode o‘rtasidagi bitim $800 mln naqd pul va aksiyalar hamda keyingi uch yil davomida Rhode ko‘rsatkichlariga bog‘liq qo‘shimcha $200 mln.dan iborat. Bitim yil oxirida yakunlanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Prada $1,375 milliardga Versace’ni sotib olgan edi.