
«Manchester Siti» klubi rahbari Xaldun Al Muborak klub yozgi transfer mavsumida yangi futbolchilarni jalb qilish rejalari haqida gapirar ekan, ayni paytda jamoada o‘z o‘rnini topayotgan o‘zbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov haqida ham alohida to‘xtaldi.
Al Muborakning so‘zlariga ko‘ra, klub tarkibini yangilash jarayoni allaqachon boshlanib ketgan:
«Biz bu jamoani yanvar oyidan boshlab qayta shakllantirishni boshladik. Odatda biz transferlarni yozda amalga oshirishni afzal ko‘ramiz va faqat favqulodda holatlarda yoki alohida ehtiyoj tug‘ilgandagina yanvarda harakat qilamiz. Bu bizning ish uslubimiz – kamida so‘nggi yetti-sakkiz yil davomida shunday bo‘lgan. Ammo bu yil yanvarda harakat qilishimiz zarur edi».
U 2025-yil 14-iyunda boshlanadigan FIFA Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionati oldidan tarkibni kuchaytirish muhimligini ta’kidladi. Shu maqsadda qishda Umar Marmush, Abduqodir Husanov, Vitor Reys va Niko Gonsales jamoaga qo‘shilgan.
«Bu futbolchilar haqida juda ijobiy fikrdamiz. Yanvarda to‘rtta futbolchi transfer qilindi. Bu sizga yozda nimalar kutayotganini ko‘rsatadi, chunki biz yozda ham klub ehtiyojlarini qondirishni davom ettiramiz. Menimcha, Umar Marmush ajoyib futbolchi. U ancha vaqtdan beri bizning e’tiborimizda edi va bu yozda ham transfer qilish niyatimiz bor edi, ammo uni oldinroq olish zarurati tug‘ildi. U jamoaga qo‘shildi va ko‘rib turganingizdek, darhol o‘z ta’sirini ko‘rsatdi. Keyin Husanov bor. Husanov – biz uzoq vaqtdan beri kuzatib kelayotgan yana bir juda iqtidorli markaziy himoyachi. Uni ham yozda transfer qilishimiz mumkin edi, ammo biz ertaroq harakat qilishga qaror qildik», – dedi Al Muborak.
Klub raisi o‘zbekistonlik futbolchining «Siti»dagi ilk oylaridan mamnunligini bildirgan va u bilan bog‘liq rejalari borligini ochiq aytgan. Al Muborakning bu fikrlari Husanov kelajagi borasida klubning qat’iy pozitsiyasini aks ettirmoqda.
Shuningdek, raisning ta’kidlashicha, «Manchester Siti» yozgi transferlar davomida ham tarkibni yangilashni davom ettiradi. Bu esa Gvardiola jamoasini klublar o‘rtasidagi jahon chempionatiga to‘liq tayyorlashga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nikoh to‘yini o‘tkazgan Abduqodir Husanov terma jamoa bilan BAAga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi.