
Amerikaning Nvidia kompaniyasi aksiyalari Nyu-Yorkdagi savdo yopilishida 4,87 foizga oshib, $141,3 ga yetdi. Bu kompaniyaning yanvar-mart oylari uchun ijobiy moliyaviy hisobotini e’lon qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
May oyi boshigacha kompaniya $44,1 milliardlik mahsulot sotgan. Bu ko‘rsatkich tahlilchilarning $43,3 milliardlik prognozidan yuqori bo‘ldi. O‘yin uskunalari bo‘yicha savdo $3,8 milliardni tashkil etdi (prognoz: $2,8 milliard edi).
Nvidia bosh direktori Jensen Huang butun dunyoda sun’iy intellekt (SI) bilan bog‘liq texnologiyalarga talab ortib borayotganini ta’kidladi.
Shu bilan birga, AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy etilgan cheklovlar Nvidia’ning Xitoy bozoriga chiqishini deyarli to‘xtatdi. Protsessorlar va ma’lumot markazlari yetkazib berish taqiq ostiga tushdi. Natijada kompaniya $4,5 milliardlik zararni hisobdan chiqarishga majbur bo‘ldi.
Bugungi kunda soat 13:23 (Toshkent vaqti bilan) holatiga ko‘ra, Nvidia aksiyalari biroz pasayib, $134,8 ni tashkil etdi (-0,51%).
Emarketer tahlilchisi Jeykob Bornning ta’kidlashicha, Nvidia bozor yetakchiligini saqlab qolish uchun geosiyosiy, iqtisodiy va raqobatga oid muammolarni yengib o‘tishi kerak.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nvidia bosh direktori maoshi $1,5 millionga yetgani haqida yozgandi.