O‘zbekistonlik «Vagner»dagi xizmati uchun besh yilga qamaldi

«Vagner» xususiy harbiy kompaniyasi (XHK)da xizmat qilgan O‘zbekiston fuqarosi yollanma askar sifatida faoliyat yuritgani va giyohvand moddalar saqlashda ayblanib, besh yil-u bir oyga ozodlikdan mahrum etildi, deb xabar bermoqda «TASS» agentligi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonlik 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga bosqini paytida ishtirok etgan. Ma’lum vaqt o‘tgach, u yaralanib, harbiy shifoxonaga yotqizilgan.
2023-yilning bahorida o‘zbekistonlik vataniga qaytgan. Joriy yilning qishida u O‘zbekiston Respublikasi huquq-tartibot organlari tomonidan ushlangan. Qo‘lga olish paytida undan o‘n gramm nasha topilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning kuzida «Vagner» safida jang qilgan O‘zbekiston fuqarosi to‘rt yilga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilingan edi. Mahkum XHKning Rossiya hukumatiga qarshi isyonida ham ishtirok etganligi ma’lum bo‘lgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Rossiyaga kirishda migrantlardan OIV infeksiyasi yo‘qligi haqida guvohnoma talab qilinishi mumkinligi haqida xabar bergan edi.