
Ulefone kompaniyasi o‘zining mashhur Armor liniyasini yangi – Ulefone Armor 34 Pro modeli bilan kengaytirdi. Bu haqda Notebookcheck xabar berdi.
Smartfon og‘irligi deyarli 1 kg (aniqrog‘i, 825 gramm) bo‘lishiga qaramay, o‘z ichiga ko‘plab ilg‘or texnologiyalarni jamlagan.
Smartfonning asosiy xususiyatlaridan biri – 25 500 mA/soat sig‘imga ega gigant akkumulyator bo‘lib, u 66 Vt quvvatda tezkor quvvatlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Eng qiziqarlisi, Armor 34 Pro korpusida DLP-proyektor ham mavjud. Shuningdek, qurilma tungi ko‘rish kamerasiga ega.

Texnik jihatdan qurilma MediaTek Dimensity 7300 chipsetiga asoslangan. U 16 GB tezkor xotira (yana 16 GB virtual xotira sifatida kengaytirilishi mumkin) va 512 GB doimiy xotira bilan jihozlangan. Dual SIM qo‘llab-quvvatlovi, alohida microSD sloti, 98 dB tovushga ega kuchli dinamik va 585 ta LED-diodli chirog‘i ham mavjud.
Kameralar borasida esa: 32 MP old kamera, orqa tomonda esa ikki dona 50 MP sensor (Samsung JN1 va OmniVision OV50H) mavjud. Ekran 6,95 dyuym, Full HD+ ruxsat, 120 Gs yangilanish chastotasi bilan jihozlangan.
Bundan tashqari, smartfonda 5G-modem va Android 15 operatsion tizimi o‘rnatilgan. Modelning narxi $1,1 mingdan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri OnePlus arzon narxda smartfon taqdim etgani haqida yozgan edi.