Trampning savdo urushi tufayli yetti million ish o‘rinlari xavf ostida qolmoqda – BMT

Xalqaro mehnat tashkilotining hisobotiga binoan, AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan boshlangan savdo urushi global iqtisodiyotga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Bu haqda tashkilot rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 2025-yilda 60 mln atrofida ish o‘rni yaratilishi kutilgani aytilgan. Ammo hozirgi tahlillarda ta’kidlanishicha, bu ko‘rsatkich 7 mlnga kamayib, 53 mlnga tushmoqda. Ya’ni oldingi prognozga qaraganda ish o‘rinlari soni 7 mlnga kam bo‘ladi, natijada 60 mln o‘rniga 53 million ish o‘rni yaratiladi.
BMT agentligining aniqlashicha, savdo zanjirlaridagi uzilishlar va geosiyosiy tangliklar global iqtisodiy o‘sish sur’atini pasaytirmoqda. Xalqaro valyuta jamg‘armasi ham bu yilda global YaIM o‘sishini 3,2 foizdan 2,8 foizga tushirdi.
Dunyo bo‘yicha 71 mamlakatda 84 mlnga yaqin ish o‘rni AQShdagi iste’mol va investitsiya talabiga bog‘liq. Ulardan 56 mln Osiyo – Tinch okeani mintaqasida, yana 13 mln Kanada va Meksikada joylashgan.
Tramp qayta prezidentlikka kelganidan beri avtomobillar, po‘lat va boshqa mahsulotlarga import bojlari oshirildi. U 9-iyuldan boshlab savdo bitimi tuzmagan davlatlarga nisbatan «javob tariflari» joriy etilishini e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Xalqaro savdo sudi Trampning boj tariflarini noqonuniy deb topgan edi.