
Geely kompaniyasi Zeekr X elektr krossoverining soddalashtirilgan versiyasini tayyorlamoqda. Bu haqda Autohome xabar berdi.
Yangi model Lynk & Co Z20 deb ataladi va texnik jihatdan Zeekr X ning nusxasi hisoblanadi.

Xitoy sanoat va axborot texnologiyalari vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Z20 ning yangi varianti 238 ot kuchiga ega elektromotor bilan jihozlanadi. Bu hozirgi 335 ot kuchli versiyadan kamroqdir. Dizayni va arxitekturasi Zeekr X’ga juda o‘xshash, o‘lchamlari esa atigi bir santimetr farq qiladi. Asosiy maqsad — avtomobil narxini pasaytirib, bozor ulushini oshirish.

Hozirgi Lynk & Co Z20 335 ot kuchli motor bilan 61,5 kVt·soatlik litiy-temir-fosfat batareyasiga ega bo‘lib, CLTC siklida 530 km masofani bosib o‘tadi. Bunday krossoverlarning narxi 136 000 dan 151 000 yuan ($19 ming – $21 ming) atrofida. Yangi modifikatsiyada xuddi shu batareyalar saqlanib qoladi, lekin kamroq quvvatli motor tufayli narx 120 000 yuanga (taxminan $16 500) tushadi.
Bu o‘zgarishlar Geely’ning Lynk & Co ni Zeekr boshqaruviga o‘tkazganidan keyingi yangi strategiyasiga bog‘liq. Dastlab Z20 Evropa bozoriga mo‘ljallangan bo‘lsa, Zeekr X Xitoyda sotilgan. Ammo so‘nggi vaqtlardagi past sotuvlar sabab Geely ko‘proq arzonroq Z20 ga urg‘u bermoqda. Yangi model 2025-yil kuzida bozorga chiqarilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan eng kichik, arzon elektromobil ishlab chiqarilgani haqida yozgandi.