20 ta reytingdan 10 tasida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilandi

Oliy Majlis Senatining yettinchi yalpi majlisida O‘zbekistonning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilash masalalari muhokama etildi. Bu haqda Senat rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, ma’ruzada 2024-yilda 20 ta ustuvor reytingdan 10 tasida O‘zbekiston ko‘rsatkichlari yaxshilangani, 2 tasida o‘zgarmagani, 2 tasining esa natijalari e’lon qilinmagani aytildi. Jumladan, «Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi»da mamlakat 6 pog‘ona yuqorilab, 193 davlat orasida 63-o‘rinni egalladi. «Ayollar, biznes va qonun» indeksida esa 48 pog‘onaga ko‘tarilish qayd etildi, bu esa gender tengligi va ayollar huquqlari sohasidagi islohotlar samarasi sifatida baholandi.
Shuningdek, iqtisodiy erkinlik indeksida ham ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi, biroq Davlat budjeti va qarz masalalarida hali ham izchil islohotlar zarurligi ta’kidlandi. Yig‘ilishda ayrim kamchiliklar, xususan, korrupsiya va matbuot erkinligi bilan bog‘liq muammolar reytinglarga salbiy ta’sir qilayotgani haqida gapirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat elektron sigaretalar aylanmasi cheklovi bo‘yicha qonunni tasdiqlagan edi.