BMT yetti mingga yaqin xodimini ishdan bo‘shatishi mumkin

Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) o‘zining $3,7 mlrdlik budjetini 20 foizga qisqartirish va taxminan 6,9 ming ish o‘rnini qisqartirishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi Reuters agentligi.
Bu moliyaviy inqirozning sababi qisman AQSh tomonidan moliyalashtirishning kamayishi bo‘lib, AQSh har yili BMT budjetining to‘rtidan bir qismini ta’minlaydi. Shuningdek, AQShning BMTga qarzdorligi $1,5 mlrdga yetgan.
BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bu oyda diplomatlar bilan uchrashuvda muhim o‘zgarishlarni ko‘rib chiqayotgani, jumladan, idoralarni birlashtirish, mablag‘larni qayta taqsimlash, xodimlarni arzonroq shaharlariga ko‘chirish, takrorlanuvchi bo‘limlarni qisqartirishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Ma’lumot uchun, AQSh hukumati tomonidan moliyalashtirishning qisqarishi ko‘plab gumanitar dasturlarning to‘xtatilishiga olib kelgan va bu insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirda BMTda moliyaviy muammolar kuchaygan va boshqa katta donor davlatlar, jumladan, Xitoyning kechiktirilgan to‘lovlari vaziyatni yanada murakkablashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Trampning savdo urushi tufayli yetti million ish o‘rinlari xavf ostida qolgani haqida xabar bergan edik.