
Janubiy Koreya oshxonasiga bo‘lgan qiziqish O‘zbekistonda k-pop va koreys seriallari (doramalari) ommalashuvi bilan ortib bormoqda.
Bugungi kunda poytaxt restoranlari va kafelari turli xil bulgogi (qovurilgan go‘sht), ramen va sho‘rvalarni taklif qilmoqda. Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi uchta restoranni tanlab, u yerdagi Janubiy Koreya taomlarini tatib ko‘rdi:
Yoree

Manzil: Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli ko‘chasi, 18-uy
Bu restoranda mehmonlar bulgogini (go‘sht bo‘laklari) maxsus ovqat pishirishga mo‘ljallangan panjara ustida o‘zlari pishirishi yoki tayyor holatda buyurtma berishlari mumkin.
Muallif bu yerda sabzavot va mol go‘shtidan tayyorlangan solontan sho‘rvasi hamda yangi bodring va qovurilgan go‘shtdan iborat vecha salatini tanladi. Asosiy taomga panchan – turli koreys salatlari va kimchi taqdim etiladi.
Sho‘rva to‘yimli va go‘shtli bo‘lsa-da, vechada tuz va ziravorlar kam bo‘lgan.

Solontan – 75 ming so‘m, vecha – 45 ming so‘m. Umumiy tushlik narxi – 120 ming so‘m (xizmat haqi hisobga olinmagan).
Makkoli Light

Manzil: Mirobod tumani, Taras Shevchenko ko‘chasi, 26-uy
Makkoli Light nomi mashhur koreys alkogolsiz ichimligi makkoli nomidan olingan bo‘lib, u kvassni eslatadi.

Bu kafeda muallif puktyay – soya pastasidan tayyorlanadigan sho‘rvani tanladi. Unga go‘sht, tofu, kimchi, rediska va boshqa ingredientlar qo‘shiladi. Bundan tashqari, muallif mol go‘shti bilan tayyorlangan kimbab – koreys rollarini buyurtma qildi.
Puktyay sho‘rvasida biroz suyuqlik ko‘p, soya pastasi esa yetarli emas edi. Ammo kimbab – shirin va mazali chiqqan.
Puktyay – 55 ming so‘m, kimbab – 48 ming so‘m. Umumiy tushlik narxi – 103 ming so‘m (xizmat haqi hisobga olinmagan).
Chenson Chilonzor

Manzil: Chilonzor tumani, Qatortol ko‘chasi, 13-uy.
Bu Toshkentdagi eng qadimgi koreys oshxonalari filiallaridan biri hisoblanadi. Muallif bu yerda pibimbap – guruch, sabzavot, go‘sht, tuxum va achchiq kochxudjan pastasidan iborat mashhur koreys taomini tatib ko‘rdi. Taomni iste’mol qilishdan oldin barcha ingredientlar aralashtiriladi.

Salat uchun qovurilgan kimchi va go‘sht buyurtma qilindi. Desert sifatida esa xvorost taqdim etildi.
Pibimbap mazali bo‘lsa-da, achchiq pasta yetarli emasligi sababli taom biroz bemaza tuyuldi. Qovurilgan kimchi esa juda yog‘li edi.
Pibimbap – 63 ming so‘m, kimchi – 40 ming so‘m. Umumiy tushlik narxi – 103 ming so‘m (xizmat haqi hisobga olinmagan).