BYD 87 ming dollarlik elektromobilini taqdim etdi

BYD kompaniyasining yuqori darajadagi BYD Yangwang U7 elektromobili 2025-yil 29-may kuni Xitoyda ommaviy ishlab chiqarish liniyasidan chiqdi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qilmoqda.

Yangwang U7 – BYD kompaniyasining yuqori toifali elektromobillariga mo‘ljallangan Yangwang brendi ostida ishlab chiqarilgan uchinchi avtomobilidir. Ilgari kompaniya U8 SUV va U9 superkarini taqdim etgan edi. Yangi sedan o‘zining kuchli texnik ko‘rsatkichlari, zamonaviy dizayni va ilg‘or haydovchi yordam tizimlari bilan ajralib turadi.
BYD ushbu modelni, birinchi navbatda, Xitoy ichki bozoriga taqdim etmoqda. Yangwang U7 modelining boshlang‘ich narxi 628,000 yuan (taxminan $87 ming ) deb belgilangan.

Elektromobil 135,5 kVt·soat sig‘imli «blade» tipidagi LFP batareyasi bilan jihozlangan. CLTC standartiga ko‘ra, u 720 kilometrgacha masofani bosib o‘ta oladi. Avtomobil 960 kVt (1287 ot kuchi) quvvatga ega bo‘lgan to‘rt motorli tizimda ishlaydi. 0 dan 100 km/soatgacha tezlanish, bor-yo‘g‘i, 2.9 soniyada amalga oshadi.
Yangwang U7 Disus-Z nomli elektromexanik suspenziya tizimi bilan jihozlangan bo‘lib, yo‘l holatiga 10 millisoniyada moslasha oladi. Bu texnologiya avtomobil harakatini yanada barqaror va qulay qiladi. Unga qo‘shimcha ravishda avtomobil 800V kuchlanishli quvvatlash tizimiga ega bo‘lib, maksimal 500 kVt quvvat bilan tez zaryadlana oladi.

Avtomobil haydovchisiga yordam beruvchi tizimlar orasida ikki dona Nvidia Orin-X chipi, 3 ta LiDAR bilan jihozlangan. Shuningdek, 5 ta millimetr to‘lqinli radar, 13 ta kamera va 12 ta ultratovushli sensor mavjud. Bu tizim avtomobilni L2+ darajadagi avtopilot bilan jihozlash imkonini beradi.
Ichki qismda esa 12.8 dyuymli markaziy OLED ekran, 23.6 dyuymli haydovchi displeyi va boshqa ekranlar bilan to‘liq multimedia muhiti taqdim etilgan. Orqa yo‘lovchilar uchun ham alohida 12.8 dyuymli ekranlar mavjud.
Bundan tashqari, BYD Yangwang U7’ning PHEV (gibrid) versiyasini ham taqdim etadi. U 2.0 litrli turbo benzinli dvigatel va 52.4 kVt·soatli batareyadan iborat. Uning umumiy yurish masofasi ming kilometrga yetadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xitoyning eng kuchli avtomobillari reytingi e’lon qilingani haqida yozgan edi. Ushbu reytingda BYD brendi birinchi o‘rinni egallagan.