
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun tavsiyanoma olishga arizalar qabuli boshlangandi. Bu haqda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi ma’lum qildi.
Arizalar shu yilning 8-iyunigacha tavsiyanoma.ijro.uz platformasi orqali onlayn tarzda qabul qilinadi. 10-iyungacha arizalar ko‘rib chiqilib, 15-iyungacha tavsiyanomalar beriladi.
Tavsiyanomalar qo‘mitaning qo‘shimcha 4 foizli davlat granti kvotasi doirasida ajratiladigan o‘rinlari uchun taqdim etiladi. Nomzodlar quyidagi mezonlarga asosan saralanadi:
- kam ta’minlangan oilalardagi xotin-qizlar (har bir a’zoga to‘g‘ri keluvchi oylik daromad MHTEKMning 0,5 baravaridan kam bo‘lishi lozim);
- to‘liqsiz oilada ulg‘aygan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- Eridan ajralgan yoki vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolg‘iz tarbiyalayotgan ayollar;
- nogiron farzandi bor ehtiyojmand xotin-qizlar;
- ijarada yashovchi, ikki va undan ortiq farzandli yolg‘iz onalarning qiz farzandlari;
- ota-onasidan biri yoki ikkalasi I yoki II guruh nogironi bo‘lgan ehtiyojmand oiladagi qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun nomzod yashash joyidagi tuman (shahar) oila va xotin-qizlar bo‘limlariga elektron shaklda murojaat qiladi. Tanlovda 11-sinf yoki kollej/texnikum bitiruvchilari ishtirok etishi mumkin.
Tavsiyanoma egasi oliy ta’limga kirishda tanlagan birinchi yo‘nalish bo‘yicha imtiyozli grant o‘rinlari tanlovida ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Bunda kirish ballining kamida 30 foizini to‘plagan tavsiyanoma egalari ballar ketma-ketligi asosida talabalikka tavsiya qilinadi. Tavsiyanoma bir yil muddatga amal qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ijodiy Start-Up loyihalari uchun 37,5 million so‘mlik grant ajratilishi haqida yozgandi.