Erondan Angliyagacha: oʻzbekistonlik futbolchilar qaysi davlatlarda toʻp surmoqda

30-may 2025 14:29 eʼlon qilindi

Mirjalol Norqobilov

Mirjalol Norqobilov

Muxbir m.norqobilov@kursiv.media
Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik futbolchilarning legioner maqomiga aylanishi odatiy holga aylanib qoldi. Ulardan ba’zilari Koʻhna qit’aning grand jamoalarida harakat qilayotgan boʻlsa, aksariyati Osiyo mamlakatlarida javlon urmoqda. Quyida Kursiv Uzbekistan taniqli oʻzbek legionerlari haqida material tayyorladi.

Quyidagi maqolada mazkur futbolchilar haqida so‘z yuritiladi:

Eron – Masharipov, Oʻrunov, Yusupov

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Oʻzbekiston terma jamoasining Osiyo qit’asidagi asosiy raqiblaridan biri boʻlgan Eron soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik futbolchilarni oʻz chempionatiga jalb eta boshladi. Ayni vaqtda Eronda toʻrt nafar oʻzbekistonlik toʻp surmoqda. Bular: Jaloliddin Masharipov («Istiqlol»), Oston Oʻrunov («Persepolis»), Oʻtkir Yusupov («Fulad») va Jasur Yaxshiboyev («Nassaji»).

Jaloliddin Masharipov 2024-yil boshidan boshlab, Tehronning «Istiqlol» jamoasi sharafini himoya qilib kelmoqda. Masharipov jamoasi yaqinda yakuniga yetgan mamlakat chempionatida koʻngildagidek ishtirok eta olmadi va mavsumni oʻz tarixidagi eng yomon natijalardan biri toʻqqizinchi oʻrin bilan yakunladi. Lekin jamoa mamlakat kubogi bahslarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, chempionlikni qoʻlga kiritdi.

Poytaxtning yana bir sovrindor jamoasi – «Persepolis» jamoasida safida bir vaqtlar katta shov-shuvlar bilan «Spartak» klubiga oʻtgan Oston Oʻrunov harakat qilmoqda. 2024/2025-yilgi mavsumda u jamoasi bilan Eron Pro-ligasida uchinchi oʻrinni egalladi. Futbolchi yakunlangan mavsumda jarohat sabab bir qator uchrashuvlarni oʻtkazib yubordi. Futbolchiga Turkiya klublaridan qiziqish boʻlayotgani haqida xabarlar tarqalmoqda. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi esa 2027-yil yoziga qadar moʻljallangan.

Hozirgi kundagi Oʻzbekistonning birinchi raqamli darvozaboni Oʻtkir Yusupov ham 2024-yil yozida Eron Pro-ligasi vakili «Fulad» klubiga koʻchib oʻtdi. Darvozabon ortda qolgan mavsumda jamoasining asosiy posboni boʻldi va ichki chempionatda toʻrtinchi oʻrinni egalladi. Yusupov Oʻzbekiston terma jamoasida ham ishonchli oʻyin koʻrsatib, jamoaning «JCH – 2026» saralash oʻyinlarida yordam bermoqda.

BAA – Hojimat Erkinov va Aziz Gʻaniyev

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Aziz Gʻaniyev BAAning grand klublaridan biri boʻlgan «Shabab Al-Ahli» jamoasidagi toʻrt yarim yillik muvaffaqiyatli faoliyatidan soʻng 2024-yil yozida Amirliklarning boshqa bir klubi «Al Bataeh» klubiga ijaraga berildi. 2024/2025-yilgi mavsumda futbolchi 23 ta uchrashuvda maydonga tushib, ikkita gol va beshta golli uzatmani amalga oshirdi.

Erkinov 2024-yil boshidan Moskvaning «Torpeda» jamoasidan Amirliklarning «Al-Vahda» jamoasi safiga kelib qoʻyildi. U klubi bilan yakunlangan mavsumda mamlakat Pro-ligasi bronza medallariga ega chiqdi. Vinger 22 ta oʻyinda maydonga tushib, toʻrtda golga assistlik qildi.

Saudiya Arabistoni – Otabek Shukurov

Otabek Shukurov. Foto: «Al-Fayha»

Turkiyada unchalik ham ishlari yurishmagan Otabek Shukurov 2024-yil yozida Saudiyaning «Al-Fayha» jamoasiga koʻchib oʻtdi. Futbolchi Saudiyadagi birinchi mavsumida 28 ta uchrashuvda ishtirok etdi. Yulduzlar jam boʻlgan Saudiya ligasida Shukurov ortda qolgan mavsumni barqaror oʻtkazdi deb bemalol aytish mumkin.

Turkiya – Husniddin Aliqulov va Aziz Turgʻunboyev

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Aliqulov «Nasaf»dagi muvaffaqiyatli mavsumlardan keyin 2023-yilda Turkiyaning «Rizespor» klubiga koʻchib oʻtdi. Himoyachi tezda yangi jamoasiga moslashib, klubining muhim oʻyinchisiga aylandi. Ayni paytda futbolchi Turkiya chempionatida barqaror harakat qilmoqda.

2024-yilda boʻlib oʻtgan Osiyo kubogidan keyin Aziz Turgʻunboyev ham legionerga aylanib, Turkiya Super ligasi ishtirokchisi «Sivasspor» jamoasiga koʻchib oʻtdi. U 2024/25-yilgi mavsumda 21 ta uchrashuvda maydonga tushib, uchta golli uzatmani amalga oshirdi.

Rossiya – Abbosbek Fayzullayev va Rustam Ashurmatov

Kollaj: Kursiv Uzbekistan

Abbosbek Fayzullayev 2023-yil yozida oʻzi tarbiya topgan «Paxtakor»dan Moskvaning «SSKA» klubiga koʻchib oʻtdi. U jussasi kichkina boʻlishiga qaramay, maydonni yaxshi koʻra olishi va kreativ harakatlari orqali Moskva klubiga tezda moslashib oldi. 2024/25-yilgi mavsumda jamoasi bilan Rossiya chempionati bronza medallariga ega chiqdi. Vinger 27 ta oʻyinda maydonga tushib, ikkita gol va toʻrtta golli uzatmani amalga oshirdi. Shuningdek, Fayzullayev jamoasi 1-iyun kuni mamlakat kubogi finalida «Rostov»ga qarshi maydonga tushadi.

Rossiyada faoliyatini olib borayotgan yana bir oʻzbekistonlik futbolchi Rustam Ashurmatov 2023-yil boshida Namanganning «Navbahor» klubidan Qozonning «Rubin» klubiga koʻchib oʻtdi. Ta’kidlab oʻtish kerakki, 2024/2025-yilgi mavsumda Ashurmatov muntazam oʻyin amaliyotiga ega boʻlmadi.

Italiya – Eldor Shomurodov

Eldor Shomurodov. Foto: «Roma»

Shomurodov 2020-yil kuzida «Rostov»dan A seriya vakili «Jenoa» klubiga transfer qilindi. Shu tariqa Eldor Italiya A Seriyasida toʻp tepgan ikkinchi (bungacha Ilyos Zeytullayev ham Italiya chempionatida harakat qilgan) oʻzbekistonlik oʻyinchiga aylandi. Futbolchi 2021-yil yozida 17,5 mln yevro evaziga Italiyaning grant klublaridan biri Rimning «Roma» siga koʻchib oʻtdi. 2024/25-yilgi mavsumda «Roma» A seriyada beshinchi oʻrinni egalladi, Eldor esa mavsum davomida barcha musobaqalarda yettita gol va beshta golli uzatmani amalga oshirdi.

Angliya – Abduqodir Husanov

Abduqodir Husanov. Foto: «Manchester Siti»

Abduqodir Husanov APLda toʻp surgan birinchi oʻzbekistonlik sifatida tarixga kirdi. U joriy yil yanvar oyida Fransiyaning «Lans» klubidan Angliyaning «Manchester Siti» klubiga 40 mln yevro evaziga transfer qilindi. Aytish mumkinki, ortda qolgan yarim mavsum himoyachi uchun moslashish davri boʻldi. U APL doirasida oltita oʻyinda maydonga tushdi. Shuningdek, kubok bahsida ikkita oʻyinda maydonga tushib, bitta gol urushga muvaffaq boʻldi hamda YCHL doirasida «Real Madrid»ga qarshi uchrashuvda harakat qildi. Afsuski Husanov va «Siti» 2024/25-yilgi mavsumni sovrinsiz yakunladi.

Avvalroq «Kursiv» Oʻzbekistonning eng qimmat 11 nafar futbolchi haqida material tayyorlagan edi.

Shuningdek