Namanganda 315 million so‘mlik gaz o‘g‘irlagan novvoyxona aniqlandi

Namangan viloyatining Yangi Namangan tumanida joylashgan novvoyxonada tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holati fosh etildi. Bu haqda «Hududgazta’minot» AJ xabar berdi.
Aniqlanishicha, «Furqat» MFYdagi novvoyxona egasi bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkor gaz ta’minoti tashkiloti bilan shartnoma tuzmagan. Loyiha-texnik hujjatlarsiz va bir martalik tamg‘asiz hisoblagich orqali o‘zboshimchalik bilan gazdan foydalangan.
Mazkur holat bo‘yicha davlatga yetkazilgan zarar miqdori 315 million 360 ming so‘mni tashkil etgan. Bu vaziyatga yuzasidan dalolatnoma tuzilib, hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga topshirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkent va Navoiy viloyatlaridagi oilaviy bog‘chalar 290 millionlik gazni o‘g‘irlagani haqida yozgandi.