O‘zbekiston bank sektorini global transformatsiyalar kutmoqda – KPMG tahlili

KPMG tomonidan tayyorlangan Global Digital Banking Trends & Insights 2025 hisobotida raqamlashtirish, mijozlar talabining oshishi va fintex raqobati O‘zbekiston banklari faoliyatiga ta’sir o‘tkazayotgani keltirib o‘tilgan. Bu haqda kompaniya Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qildi.
Hisobotga ko‘ra, 2018 – 2023-yillarda xizmat ko‘rsatish narxi oshgan bo‘lsa-da, mijozlar tajribasi sifati pasaygan. KPMG ekspertlari mijozlar ehtiyojining o‘sishini asosiy global trend sifatida qayd etgan. Endi foydalanuvchilar banklardan faqat tezkor xizmat emas, balki empatiya, shaffoflik va shaxsiy yondashuvni ham kutishmoqda.
Yil | Xizmat ko‘rsatish narxi (AQSH dollari) | Mijoz tajribasi indeksi (CEE bahosi) |
---|---|---|
2018 | 494 | 7.40 |
2019 | 463 | 7.29 |
2020 | 444 | 7.53 |
2021 | 456 | 7.42 |
2022 | 467 | 7.39 |
2023 | 502 | 7.24 |
O‘zbekistonda bu boradagi o‘zgarishlar endi boshlanmoqda: bank ilovalari interfeysi yangilanmoqda, uchinchi tomon kartalari qo‘llab-quvvatlanmoqda. Ekspertlar fikricha, banklar individual xizmat ssenariylariga o‘tishi zarur.
Bank sohasida yoshlar omili
KPMG prognoziga ko‘ra, 2030-yilgacha dunyoda 30 yoshgacha bo‘lganlar daromadi 400 foizga oshadi. Bu qatlamga o‘sha paytda $84 trillionga yaqin kapital o‘tadi. Shu sababli, youth banking konsepsiyasi banklar uchun strategik yo‘nalishga aylanmoqda.
O‘zbekistonda yoshlar aholining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Biroq banklarning aksariyati bu segment bilan tizimli ishlamayapti. Faqat 4-5 ta bank moliyaviy tarbiya va yoshlar uchun moslashtirilgan mahsulotlarni taklif qilmoqda.
Mutaxassislar fikricha, yoshlarga mo‘ljallangan bank mahsulotlari, o‘rgatuvchi modullar, moslashtirilgan interfeyslar orqali bu auditoriyani erta bosqichda jalb etish va ularning sodiqligini ta’minlash mumkin.
Sun’iy intellektning bank tizimidagi o‘rni
KPMG The Intelligent Bank 2025 hisobotida qayd etilishicha, banklarning 80 foizdan ortig‘i sun’iy intellektni strategik aktiv deb baholamoqda. SI yordamida qaror qabul qilish, firibgarlikni aniqlash, mijozga shaxsiy takliflar berish kabi funksiyalar avtomatlashtirilmoqda.
O‘zbekistonda esa SI texnologiyalari hali keng joriy etilmagan. 2024-yilda davlat darajasida SI strategiyasi qabul qilingan bo‘lsa-da, banklar bu borada sust harakat qilmoqda. Asosiy to‘siqlar – eski IT tizimlar, integratsiyalanmagan ma’lumotlar va yetarli mutaxassislar yo‘qligi.
Shunga qaramay, O‘zbekiston banklarida katta imkoniyat mavjud. Mijozlarning raqamli faolligi va tranzaksiyalar hajmi ortib borayotgan bir paytda, SI texnologiyalarini qo‘llash orqali xizmat sifati, tezligi va xavfsizligini sezilarli darajada oshirish mumkin.
Hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston banklari uchun muvaffaqiyat kaliti — mijozga yo‘naltirilgan yondashuv, sun’iy intellekt, yoshlar bilan tizimli ishlash va innovatsiyalarni tez joriy etish. Banklar bu o‘zgarishlarga tayyor bo‘lishi shart, aks holda bozor ulushini yo‘qotish xavfi ortadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekiston banklari 2025-yil to‘rt oyida 4,3 trln so‘m foyda olgani haqida yozgandi.