O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlariga bo‘ysunmaslik uchun jarimalar oshiriladi

O‘zbekistonda ichki ishlar organlari (IIO) xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik uchun jarimalar miqdori oshiriladi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar qildi.
Senatning yalpi majlisida so‘nggi vaqtlarda jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlayotgan IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablariga bo‘ysunmaslik holatlari ko‘paygani qayd etildi. Jumladan, 2021-yilda 56 ming, 2022-yilda – 88 ming, 2023-yilda – deyarli 89 ming, 2024 yilda esa 85,3 ming holat qayd etilgan.
Shu munosabat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgartirishlar kiritilishi rejalashtirilmoqda:
- IIO va Milliy gvardiya xodimlarining qonuniy talablarini bajarmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) – 5 baravaridan 12 baravarigacha (1,875 mln so‘mdan 4,5 mln so‘mgacha, hozirda esa – 1 BHM);
- Ma’muriy jazo qo‘llanilganidan so‘ng bir yil ichida qayta huquqbuzarlik sodir etilsa – 12 dan 30 BHMgacha (4,5 mln so‘mdan 11,25 mln so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq (hozirda – 15 BHM) qo‘llaniladi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi va prezident imzosiga yuborildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 1-iyundan yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun jarima ballari tizimi kuchga kirishi haqida xabar bergandi.