O‘zbekistonda pullik yo‘l: qachon, qayerda, nechpul

30-may 2025 11:47 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
O‘zbekistonda pullik yo‘llar qachon quriladi / Foto: www.depositphotos.com

Dunyo bo‘ylab ko‘plab davlatlar avtomobil yo‘llarining sifatini oshirish va transport oqimini tartibga solish maqsadida pullik yo‘l tizimini joriy etmoqda. Bu tizim orqali foydalanuvchi qatnovdan foydalanganlik uchun to‘lov qiladi, tushgan mablag‘ esa yo‘llarni saqlash, ta’mirlash va yangi loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. O‘zbekistonda ham bunday loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. «Kursiv» nashri pullik yo‘llar haqida ma’lumotlarni to‘pladi.

Bu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Pullik yo‘l O‘zbekistonda

Foto: Investment

O‘zbekistonda ikkita asosiy loyiha Toshkent – Samarqand va Toshkent – Andijon yo‘nalishlari bo‘ylab pulli yo‘llar qurilishi tasdiqlangan. Toshkent – Andijon yo‘nalishi 2024-yilda $4,65 mlrdga baholangan bo‘lsa, Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi yo‘l qiymati $1,4 mlrdni tashkil etadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish doirasida pullik yo‘llar qurish sanasi e’lon qilingan edi.

Qarorga ko‘ra, «Toshkent – Samarqand» yo‘nalishi bo‘yicha avtoyo‘l qurilish ishlari joriy yilda amalga oshiriladi. «Toshkent – Andijon» yo‘nalishi bo‘yicha avtoyo‘lini barpo etish ishlari 2026-yilga belgilangan.

Foto: Fuelcard

Transport vazirligi investitsiyalar va davlat-sheriklikni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Murodjon Ismonaliyevning ma’lum qilishicha, yo‘l qoplamasining yuk ko‘tarish qobiliyati xalqaro standartlar bo‘yicha 13 tonna hisobida amalga oshirilishi natijasida avtomobil yo‘lining xizmat qilish muddati 25-yilgacha uzaytiriladi.

«Toshkent – Andijon»… loyihaning umumiy uzunligi  171 kmni tashkil etib, Toshkentdan Angrengacha bo‘lgan avtomobil yo‘li va Qamchiq dovonini loyihalashtirish, qurish, moliyalashtirish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi. Loyiha konsepsiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2025-yil 21-yanvarda tasdiqlandi.

Jahon banki moliyalashtiruvi doirasida O‘zbekiston hukumati loyihani amalga oshirish uchun xususiy sherikni tanlash bo‘yicha tanlov jarayonlarida yordam berish maqsadida Arup (Buyuk Britaniya), PwC (O‘zbekiston) va CMS (Buyuk Britaniya) maxsus konsultantlarni jalb qildi”, – deya qayd etdi Ismonaliyev.

Foto: Depositphotos

Toshkent – Samarqand, Toshkent – Andijon pullik yo‘l narxi $5-$6 tashkil etishi kutilmoqda. Davlat xususiy-sheriklik loyihalari xodimining ta’kidlashicha, yo‘ldagi maksimal tezlik 120 – 150 km/soatni tashkil qilishi mumkin.

Taqqoslash uchun Qozog‘istonda yengil avtomashinalar uchun «Almati – Qorğos» pullik yo‘nalishida $1,1-1,3 narx belgilangan (295 km uchun).

Moskvadan Sankt-Peterburggacha bo‘lgan masofa (M11 yo‘li bo‘yicha 684 km) uchun yo‘l haqi yengil avtomobillar uchun $54 – 67 ni tashkil etadi. Yuk avtomobillari uchun esa narx $150 gacha yetishi mumkin. Yo‘l haqi vaqti va kuniga bog‘liq bo‘lib, dam olish kunlari narx odatda yuqoriroq bo‘ladi.

«Mazkur ikki loyiha bo‘yicha tenderlar ikki bosqichda amalga oshiriladi. Yo‘llarning qurilish geografiyasi va manzillari bo‘yicha axborotlar loyihaning yakuniy tasdig‘idan so‘ng ma’lum qilinadi», – dedi Transport vazirligi matbuot xizmati rahbari Navro‘z Ashurmatov Kursiv bilan suhbatda.

O‘zbekistonda quriladigan pullik yo‘llarda narxlar bir nechta omillar sababli farq qilishi mumkin. Urbanist arxitektor, Archemistry Telegram kanali muallifi Iskandar Solievning Kursiv’ga takidlashicha, Toshkent – Andijon yo‘lida tog‘li hudud ko‘p bo‘lgani uchun qurilish ishlari qimmatroqqa tushishi mumkin.

«Mening fikrimcha, loyiha davlat tomonidan subsidiya qilinsa narxlar unchalik farq qilmaydi. Har ikkala yo‘ldan bir taraflama foydalanish 100 ming so‘mgacha bo‘lishi mumkin», – deydi Soliev.

Pullik yo‘llar o‘zi qanday ishlaydi

Foto: Depositphotos

Pullik yo‘l – avtomobillar harakati uchun mo‘ljallangan, foydalanish evaziga belgilangan to‘lov olinadigan maxsus trassalar. Ushbu yo‘llar odatda davlat yoki xususiy kompaniya tomonidan quriladi va foydalanishga topshiriladi. Pullik yo‘llarning asosiy maqsadi – yuqori sifatli, xavfsiz va tez yuriladigan yo‘l infratuzilmasini ta’minlashdir.

Pullik yo‘llarda odatda:

  • yuqori tezlikda harakatlanish imkoniyati bo‘ladi;
  • tirbandlik kamroq kuzatiladi;
  • xavfsizlik standartlari yuqori darajada bo‘ladi;
  • avtomatik to‘lov tizimlari orqali xizmat ko‘rsatiladi.

Pullik yo‘llar odatda yuqori tezlikda harakatlanish uchun mo‘ljallangan, kamroq tirbandlik va xavfsizlikning oshganligi bilan ajralib turadi. Maxsus to‘lov punktlari yoki avtomatik elektron to‘lov tizimlari orqali nazorat qilinadi.

Xorij tajribasi

Foto: Depositphotos

Pullik yo‘llar bugungi kunda ko‘plab davlatlar transport siyosatining ajralmas qismiga aylangan. Rivojlangan mamlakatlar ushbu tizimni nafaqat infratuzilmani moliyalashtirish, balki xavfsizlik, tezlik va qulaylikni oshirish vositasi sifatida qo‘llamoqda.

Ko‘plab davlatlar, jumladan, Xitoy, Turkiya, Rossiya va Yevropa Ittifoqi a’zolari ko‘p avtomagistrallarni pullik asosda boshqarishga o‘tgan. Ushbu tizim orqali ular yo‘l xizmatlarining sifatini oshirgan, tirbandliklarni kamaytirgan hamda budjetga tushadigan yukni yengillashtirgan.

Foto: Gertika

Hozirgi paytda Qozog‘istonda pullik yo‘llar soni 25 tani tashkil etadi. Ularning umumiy uzunligi 4760 km. Qo‘shnimizning birinchi pullik trassasi Ostona – Shchuchinsk bo‘lib, 2013-yildan buyon to‘lov asosida ishlamoqda. Bu trassadan bir martalik harakat (211 km) uchun 460 tenge ( $0.9) to‘lash kerak bo‘ladi.

Foto: Live Journal

Xitoyda pullik yo‘llar keng tarmoq hosil qilgan bo‘lib, mamlakat ichki savdo va logistika tizimining muhim bo‘g‘ini hisoblanadi. Ushbu mamlakatda pullik yo‘l sanoati juda rivojlangan. Sohada 2024-yilda $94 mlrd daromad qayd etilgan. IBIC World hisobotiga ko‘ra, 2023-yilda avtomobil transporti Xitoyning yo‘lovchi tashishning 49,1 foizini va yuk tashishning 72,4 foizini tashkil qilgan.

Foto: Depositphotos

Yevropada esa avtomatik to‘lov tizimlari orqali nafaqat qulaylik yaratilgan, balki har bir kilometrda yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.

Bu tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, pullik yo‘l tizimi zamonaviy texnologiyalar bilan uyg‘unlashtirilganda, foydalanuvchi uchun sezilarli darajada samarali va qulay transport yechimiga aylanadi.

Yevropada pullik yo‘l tarixi ancha oldin boshlangan. Italiya 1924-yilda Milan yaqinidagi 50 km uzunlikdagi avtomagistral uchastkasida pullik avtomobil yo‘lidan foydalanishni qo‘llagan birinchi Yevropa davlati bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Toshkentda pullik avtoturargohlar ishga tushirilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek