O‘zbekistondagi asosiy yo‘llar piyodalar uchun xavfsiz emas – «Yuksalish»

«Yuksalish» umummilliy harakati (YUMH) tomonidan aholi o‘rtasida yo‘l harakati va piyodalar harakati xavfsizligi, avtomobil yo‘llari holatiga bag‘ishlangan ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazildi. Unga ko‘ra, 39,24% respondent o‘zi yashaydigan hududdagi avtomobil yo‘llari piyodalar uchun xavfsiz emasligini qayd etgan.
Aholining bahosi
So‘rovda jami 2743 kishi ishtirok etgan bo‘lib, 46,36 foizi qishloq aholisi, 44,94 foizi shahar aholisini tashkil qilgan. Respondentlarning fikriga ko‘ra, o‘z hududidagi yo‘llarning umumiy holati: 35,55% – «yaxshi», 27,95% – «qoniqarli», 18,01% – «qoniqarsiz», 10,38% – «a’lo», 7,71% – «juda yomon».
Yashash hududlaridagi ichki yo‘llar: 33,1% – «yaxshi», 27,62% – «qoniqarli», 19,69% – «qoniqarsiz», 9,68% – «juda yomon», 9,28% – «a’lo».
So‘nggi yillarda yo‘llarda qanday ishlar qilindi
So‘nggi yillarda yo‘llar ta’mirlandimi, degan savolga 47,23% «ha» va 26,17% «yo‘q» deb javob berdi. Asosiy ishlarga yangi asfalt yotqizish (28,72%) va eski asfaltni yangilash (13,96%) kiradi.
Yo‘llardagi xavf bo‘yicha respondentlarning 38,98% «o‘rtacha» va 21% «xavfsiz» deb javob bergan.
YUMH tashabbuslari: belgilar, chiziqlar va zamonaviy standartlar
YUMH ekspert va mutaxassislar tomonidan bir nechta tashabbuslarni ishlab chiqilganini ma’lum qilgan.
Harakatga ko‘ra, yetishmayotgan yo‘l belgilarini o‘rnatish, ortiqcha va noo‘rinlarini olib tashlash bo‘yicha davlat dasturini qabul qilish zarur. Shuningdek, yo‘l chiziqlari sifati va ularning standartlarga muvofiqligini qat’iy nazorat qilish lozim.
Yo‘l harakatini tashkil etishning barcha texnik standartlarini, jumladan belgilar, chiziqlar, yo‘l qoplamasi sifati (masalan, koleynost) – zamonaviy xalqaro me’yorlar asosida yangilash talab etiladi.
Har bir yo‘lning egasi bo‘lishi va javobgarlik tizimi
Shuningdek, yangi qurilayotgan va rekonstruksiya qilinayotgan barcha yo‘l obyektlari nogironligi bo‘lgan shaxslar hamda mustaqil harakatlana olmaydigan aholi uchun to‘liq moslashtirilishi majburiy standart sifatida belgilanishi lozim. Har bir yo‘l uchastkasining aniq egasi belgilanib, ularning javobgarligi kuchaytirilishi kerak.
Jarimalar tizimi va ularning yo‘l xavfsizligiga ta’siri
Jarimalar miqdori esa ijtimoiy xavflilik darajasi va aholining to‘lov qobiliyatidan kelib chiqib belgilanib, ushbu jarimalardan tushgan mablag‘lar yo‘l infratuzilmasi va xavfsizlikni yaxshilashga yo‘naltirilishi, hamda bu jarayonning shaffofligi ta’minlanishi lozimligi qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekistonda pullik yo‘l qurilishi haqida maqolasini e’lon qilgan edi.