Qozog‘istonlik tadbirkor O‘zbekistonga Burger King’ni olib kiradi

Qozog‘istonlik tadbirkor Almas Sultangazin mart oyida Burger King Kazakhstan’ni sotib oldi. Endi u brend restoranlarini O‘zbekistonda ham ochishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Forbes Kazakhstan nashri xabar berdi.
Ma’lumot uchun, Sultangazin Qozog‘istonning eng boy tadbirkorlari ro‘yxatida 40-o‘rinda qayd etilgan. Unga tegishli Holten Group kompaniyasi «Verniy Kapital» guruhi va Anuar Utemuratovdan Burger King Kazakhstan’ni sotib olgan. Ushbu tarmoq Qozog‘istonning 14 shahrida 55 ta restoran bilan faoliyat yuritmoqda.
Holten Group O‘zbekistonda o‘zbek tadbirkori Shuhrat Ergashevga tegishli International Beverages Tashkent kompaniyasi bilan hamkorlikda Pepsi, 7UP, Mirinda, Mountain Dew, Adrenaline Rush va Lipton mahsulotlarini ishlab chiqarmoqda.
Almas Sultangazinning Forbes Kazakhstan’ga ma’lum qilishicha, 2025-yil oxiriga qadar Gruziyada yangi Pepsi zavodi qurilishi rejalashtirilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shuhrat Ergashev Burger King’ni O‘zbekistonda ochish bo‘yicha kelishuvga erishgani haqida yozgandi.