Sariosiyo aeroporti 20 yildan so‘ng faoliyatini tikladi

30-may kuni Sariosiyo aeroporti 20 yillik tanaffusdan so‘ng yana o‘z faoliyatini boshladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, «Silk Avia» aviakompaniyasining Toshkentdan uchib kelgan ilk reysi mahalliy vaqt bilan soat 15:41 da muvaffaqiyatli qo‘ndi. Bortda 48 nafar yo‘lovchi bo‘lgan samolyot an’anaviy tarzda suv arkasi va milliy kuy-qo‘shiqlar bilan kutib olindi.
Aeroport infratuzilmasi to‘liq rekonstruksiya qilinib, uchish-qo‘nish yo‘lagi, burilish yo‘lakchalari va samolyot turish joylari kapital ta’mirdan chiqarildi. 29-aprel kuni birinchi texnik parvoz amalga oshirilgan edi.

Yangi terminal binosi 1100 kvadrat metr maydonda qurilib, soatiga 100 nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Endilikda Toshkent – Sariosiyo – Toshkent yo‘nalishidagi muntazam reyslar haftasiga ikki marotaba – chorshanba va juma kunlari ATR-72-600 rusumidagi samolyotlarda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Singapur – O‘zbekiston o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgan edik.