
Joriy yilning shu kungacha bo‘lgan davrida ish yurituvda bank undiruvlari bo‘yicha jami 1,2 trln so‘mlik 16,5 mingdan ortiq ijro ishlari bo‘yicha harakatlar amalga oshirildi. Bu haqda Bosh prokuratura ma’lum qildi.
Ijro harakatlari bo‘yicha 9,5 mingta ishdan jami 874,5 mlrd so‘m undirildi. Ish yurituvda bo‘lgan 863 ta hujjat asosida 490,8 mlrd so‘mlik ko‘chmas mulk, avtotransport vositalari va boshqa turdagi mol-mulklar belgilangan tartibda xatlovga olindi. Ularning 763 tasi – 249,9 mlrd so‘mlik mulklar onlayn auksion savdolariga chiqarildi.
Shuningdek, auksionda realizatsiya qilinmagan 50 ta, qiymati 28,6 mlrd so‘mlik garov mulklari bo‘yicha banklarga takliflar yuborildi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston banklari 2025-yil to‘rt oyida 4,3 trln so‘m foyda olgani haqida yozgandi.