
Jeep kompaniyasi oltinchi avlod Jeep Cherokee yo‘ltanlamasining dastlabki suratlarini taqdim etdi. Modelning to‘liq taqdimoti 2025-yil oxiriga mo‘ljallangan. Bu haqda Carcoops nashri ma’lum qildi.
Brend vakillarining ta’kidlashicha, yangi Cherokee butunlay yangilangan, ko‘proq innovatsiyalar, zamonaviy dizayn va boy standart jihozlar bilan jihozlanadi.
Oldingi Cherokee modeli 10 yil davomida ishlab chiqarilgan va 2023-yil fevralida ishlab chiqarish to‘xtatilgandi. U benzinli, jumladan, V6 3.2 Pentastar hamda dizel dvigatellar bilan jihozlanardi. Yangi avlod esa Grand Cherokee kabi gibrid yoki to‘liq elektr versiyada bo‘lishi kutilmoqda. Taxminlarga ko‘ra, unda 2,0 litrli turbomotorga asoslangan PHEV (gibrid) tizimi qo‘llaniladi.

Jeep vakillari yangi Cherokee’ning kattaroq o‘lchamlari, qulayroq saloni va zamonaviy texnologik imkoniyatlari brendning SUV bozoridagi pozitsiyalarini mustahkamlashga xizmat qilishini bildirgan.
E’lon qilingan rasmda avtomobilning Jeep’ga xos elementlari – klassik radiator panjarasi, keskin chiziqli kuzov dizayni va agressiv old qismi aks ettirilgan. Namoyish qilinaadigan modelning texnik tafsilotlari hali oshkor etilmagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jeep Compass yangi ko‘rinishda taqdim etilgani haqida xabar bergan edi.