LG va Samsung AQShda elektromobillar uchun batareya ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda

Janubiy Koreyaning yirik texnologiya kompaniyalari LG Energy Solution va Samsung SDI AQSh hududida litiy-temir-fosfat (LFP) batareyalari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Bu haqda IT Home portali Korea Economic Dailyʼga tayanib, xabar berdi.
Mazkur tashabbus elektromobillar uchun arzonroq akkumulyatorlarga talab oshib borayotgan bir paytda amalga oshirilmoqda. Uzoq yillar mobaynida AQSh bozorida asosan nikel, kobalt va marganets (NMC) asosidagi batareyalar ishlab chiqarilgan boʻlsa-da, endilikda LFP texnologiyasi xarajatlarni qisqartirishga intilayotgan ishlab chiqaruvchilar, jumladan, General Motors uchun strategik ahamiyat kasb etmoqda.
Indiana shtatining Nyu-Karlayl shahrida joylashgan, qiymati $3,5 milliardga teng boʻlgan Samsung SDI va General Motors qoʻshma korxonasi 2027-yildan boshlab prizmatik LFP elementlarini ishlab chiqarishni boshlashi rejalashtirilgan. Dastlab NMC turidagi batareyalar ishlab chiqarish uchun moʻljallangan ishlab chiqarish quvvatlarining bir qismi qayta jihozlanmoqda, hozirda zarur xomashyo va texnologik uskunalar xarid qilinmoqda.
LG Energy Solution esa Ogayo va Tennessi shtatlaridagi zavodlarini LFP ishlab chiqarishga moslashtirish imkoniyatini oʻrganmoqda. Kompaniya AQSh hududida sakkizta zavodni boshqaradi — ayrimlari allaqachon ishga tushirilgan, boshqalari esa foydalanishga topshirilish arafasida.
Shuningdek, CATL bilan hamkorlikda Michigan shtatida qurilgan Ford zavodida ham LFP batareyalari ishlab chiqarish 2026-yilda yoʻlga qoʻyilishi koʻzda tutilgan edi. Biroq loyiha siyosiy noaniqliklar va texnik kechikishlar sababli muddat jihatidan ortga surilgan.
LFP texnologiyasiga oʻtish LG Energy Solution va Samsung SDI uchun raqobatbardoshlikni oshirish imkonini beradi. Agar koreys kompaniyalari ushbu jarayonni jadallashtira olsa, ular AQShda LFP batareyalarini ishlab chiqaruvchi birinchi kompaniyalarga aylanishi mumkin. Bu esa ularning bozordagi mavqeini yanada mustahkamlashi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Samsung Galaxy S25 smartfonlari Koreyada rekord darajada sotilgani haqida xabar bergan edi.