
O‘zbekistondagi Pepsi ishlab chiqaruvchisining hamkori bo‘lgan Holten Group kompaniyasi Gruziyada zavod qurishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Forbes Kazakhstan nashri xabar berdi.
Loyiha doirasida 2025-yil oxirigacha yangi ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirilishi kutilmoqda. Korxonaga Holten Group aksiyadorlaridan biri, qozog‘istonlik tadbirkor Almas Sultangazin ham sarmoya kiritadi.
Ma’lumot uchun, Almas Sultangazin bundan avval Burger King Kazakhstan tarmog‘ini sotib olgan. 2025-yil aprel oyida mazkur brendning ilk restoranlari O‘zbekistonda ochilishi rejalashtirilayotgani ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, ushbu tarmoqni Qirg‘iziston bozoriga olib chiqish rejalari ham bor.
Franshiza egalari allaqachon O‘zbekistonda Pepsi ishlab chiqaruvchi International Beverages Tashkent kompaniyasi bilan hamkorlikda restoranlar ochish yuzasidan shartnoma imzolagan.
Ayni paytda Holten Group mahalliy hamkorlar bilan birga Gruziya va Armanistonda ikkita Pepsi zavodiga egalik qilmoqda. Kompaniya menejmenti Kavkaz va Markaziy Osiyo mintaqalarida gazlangan ichimliklar bozoridagi pozitsiyasini mustahkamlashni maqsad qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan futbolchi Abduqodir Husanov energetik brendga asos solgani haqida xabar bergan edi.