Survivor sindromi: omon qolganlar nega o‘zini aybdor his qiladi

31-may 2025 09:13 eʼlon qilindi

(31-may 2025 22:20 yangilandi)
Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Muxbir h.muxtorova@kursiv.media
Omon qolganlar nega o‘zini aybdor his qiladi? / Foto: Sandesh

Zamonaviy psixologiyada odamlar ruhiyatiga ta’sir qiluvchi salbiy holatlardan biri — survivor sindromi (omon qolganlar sindromi). Bu atama asosan urush, tabiiy ofatlar, avtohalokat, pandemiya yoki katta falokatlardan omon qolgan odamlarning ruhiy holatini ifodalaydi. Bunday vaziyatda odamlar omon qolganidan xursand bo‘lib yashamaydi, aksincha o‘zini aybdor, tushkun va ruhiy qiynoqda his qiladi. Kursiv Uzbekistan bu borada bir qadar o‘rganish olib bordi.

Ushbu maqoladan nimani bilib olasiz:

Foto: NTD

Survivor sindromi nima va qachon paydo bo‘lgan

Ushbu sindrom shunchaki ruhiy holat emas, balki chuqur psixologik va ijtimoiy ildizlarga ega bo‘lgan kompleks muammodir. Uni tushunish va yengib o‘tish uchun zamonaviy tibbiyot, psixologiya hamda ijtimoiy sohalarning hamkorligi talab etiladi.

«Survivor syndrome» yoki «survivor guilt» atamalari ingliz tilidan olingan bo‘lib, kishi yirik fojialardan omon qolganidan keyin yuzaga keladigan og‘ir ruhiy holatdir. Bunda inson o‘zini omon qolishga «noloyiq» deb his qiladi, ichida aybdorlik paydo bo‘ladi. Vaziyat hatto o‘z joniga qasd qilishi bilan ham tugashi mumkin.

Foto: Sun’iy intellekt yordamida yasaldi

Survivor sindromining asosiy turlari

Eng ko‘p uchraydigan holatlari — urush, tabiiy ofat yoki terrordan keyin yuz beradi. Bu paytda odam yaqinlarining o‘lishini ko‘radi, o‘zi esa omon qoladi. Omon qolish unga quvonch emas, balki ichki og‘riq va aybdorlik hissini beradi. O‘zini ularning o‘limi evaziga omon qolgandek his qiladi.

Foto: Britannica

Yadroviy halokatlar va urushlarda omon qolganlar

Tarixda bu sindromning eng yaqqol misollaridan biri — Holokostdan omon qolgan yahudiylardir. Natsistlar Germaniyasi davrida millionlab yahudiylar kontslagerlarda o‘ldirilgan bo‘lsa-da, ayrimlar tirik qolishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo bu insonlar umr bo‘yi o‘z yaqinlarining fojiali o‘limini yodga olib, tirik qolganidan ko‘ra ularning halok bo‘lgani haqida o‘ylab yashaganlar. Ular hayotini davom ettirgan bo‘lsa-da, ruhiy iztirob va o‘zini ayblash hissi ko‘p yillar davom etgan.

Foto: The Treatment Specialist

1945-yilda Osventsim (Auschwitz) kontslageridan ozod qilingan yahudiy mahbuslar orasida ruhiy tushkunlik, yakkalanish va o‘zini aybdor his qilish holatlari tez-tez uchragan. Masalan, mashhur psixolog Viktor Frankl o‘zining «Inson ma’noni izlaydi» (Man’s search for meaning) kitobida bu holat haqida shunday yozadi:

«Men bir necha bor o‘zimdan so‘radim: nega men omon qoldim? Nega men emas, boshqalar o‘ldi? Ular mendan yaxshiroq edi».

Foto: Opennews

Omon qolgan xodim iztirobi

Hozirgi zamonda ham bu sindrom turli shakllarda namoyon bo‘lmoqda. Ish joyida qisqartirishlar natijasida ishdan bo‘shatilganlar fonida lavozimida qolganlar o‘zlarini xavf ostida, yolg‘iz yoki aybdor his qilishadi. 2020-yilgi pandemiya davrida Google, Amazon, Meta kabi kompaniyalar minglab xodimlarni ishdan bo‘shatdi. Ishda qolganlar esa o‘zini baxtli emas, balki tushkun va aybdor his qilishdi. Ular do‘stlaridan ajralib, o‘zlarini «xoin» yoki «omadsiz omadli» deb hisoblashgan.

Foto: Forbes

Falokatlardan omon qolganlarning ichki nadomati

Zilzila, portlash, avtohalokat kabi voqealardan omon qolganlar o‘zlarini boshqa qurbonlarning o‘rniga o‘lishi kerak edi deb o‘ylashadi. Misol uchun, 2023-yilda Turkiyada ro‘y bergan yirik zilziladan omon qolgan Elif Yılmaz intervyusida shunday degan edi:

«Qizim bilan birga uyda edik. U halok bo‘ldi, men esa devor ostida qolgan bo‘lsam-da, tirik chiqdim. Bu adolatmi? Har kuni o‘zimni aybdor his qilaman».

Foto: SHRM

Shuningdek, COVID-19 pandemiyasi davrida yaqinlarini yo‘qotgan, biroq o‘zi sog‘ayib ketgan insonlar ham survivor sindromiga duch kelgan. Ular tirik qolganining sababini izlab, o‘zini aybdor his qilgan. Ayniqsa, tibbiyot xodimlari pandemiya vaqtida bemorlarini qutqara olmagani uchun o‘zlarini aybdor his qilishgan. Ko‘pchiligi post-travmatik stress buzilishidan aziyat chekdi.

Foto: ABC

Yechim va davolash yo‘llari

Mazkur sindromidan aziyat chekayotgan odamlar uchun ba’zi muhim yordam yo‘llari mavjud. Eng avvalo, psixolog bilan gaplashish juda foydali bo‘ladi. Psixologik suhbatlar orqali odam o‘z his-tuyg‘ularini tushunib, yengillik sezadi.

Shu bilan birga, boshidan kechirgan voqealarni boshqalar bilan bo‘lishish ham foydali. Bu ichki og‘riqni kamaytiradi. Yana bir muhim narsa – boshqalarga yordam berish. Omon qolgan odam birovga foydasi tegsa, o‘zini kerakli va foydali inson deb his qiladi. Bu esa ularning hayotiga ma’no bag‘ishlaydi.

Shuningdek