Trampning savdo urushi yirik kompaniyalarga $34 mlrd zarar yetkazdi

AQSh prezidenti Donald Tramp boshlagan savdo urushi jahon miqyosidagi yirik kompaniyalarga kamida $34 milliard zarar keltirdi. Reuters agentligi hisobotlarini tahlil qilib, zararlar asosan oshgan xarajatlar va qisqarib borayotgan savdo hajmlari bilan bogʻliqligini bildirgan.
Ta’kidlanishicha, yoʻqotishlarning katta qismi – $33 milliard birjalarda savdo qiluvchi yirik kompaniyalarning baholariga asoslangan. Ular orasida S&P 500, STOXX 600 va Nikkei 225 indeksiga kiruvchi kompaniyalar bor.
Apple, Ford, Porsche va Sony kabi kompaniyalar daromad prognozlarini ehtiyotkorona baholamoqda yoki ularni qayta koʻrib chiqishni rejalashtirmoqda. Iqtisodchilarning fikricha, real zararlar rasmiy hisobotlarda koʻrsatilgan summalardan ancha koʻp boʻlishi mumkin.
28-may kuni AQSh federal sudi Tramp tomonidan import tariflariga oid qator qarorlarni toʻxtatib turdi. Sud bu qarorlarni prezident vakolatlaridan chetga chiqilgan deb baholadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Trampning savdo urushi tufayli yetti million ish oʻrinlari xavf ostida qolayotgani haqida xabar bergan edi.