
Transfermarkt portali Angliya Premer-ligasi (APL) futbolchilarining bozor qiymatini yangiladi. Portal tomonidan «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanovning transfer qiymati 35 million yevro deb belgilandi va oʻzgarishsiz qoldi.
Portal bu yil mavsum yaxshi oʻyin oʻtkazgan yosh futbolchilarning narxi sezilarli oshganini ta’kidlamoqda. Eng katta oʻsishni «Nyukasl» hujumchisi Aleksandr Isak qayd etdi. Uning qiymati 20 million yevroga ortib, 120 million yevroga yetdi.
Shuningdek, Bornmut himoyachisi Milosh Xeysen (+18 mln yevro) va «Arsenal»ning iqtidorli yarim himoyachisi Etan Lyuis-Skelli (+17 mln yevro) ham narxi yaxshigina koʻtarilgan futbolchilar safidan joy oldi.
Narxi eng koʻp oshgan oʻyinchilar:
- Aleksandr Isak («Nyukasl»): +20 mln → 120 mln yevro;
- Milosh Xeysen («Bornmut»): +18 mln → 60 mln yevro;
- Etan Lyuis-Skelli («Arsenal»): +17 mln → 45 mln yevro;
- Sandro Tonali («Nyukasl»): +15 mln → 60 mln yevro;
- Lukas Bergvall («Tottenhem»): +13 mln → 38 mln yevro.
O‘z navbatida, Transfermarkt bu safar ayrim yulduz futbolchilarning bahosini pasaytirishga ham majbur boʻldi. Ayniqsa, «Manchester Siti» vakillari orasida narxi tushgan oʻyinchilar koʻpchilikni tashkil etdi. Fil Foden 30 million yevro yoʻqotib, hozirda 100 million yevroga baholanmoqda.
Shuningdek, Erling Xoland ham 20 million yevroga arzonlashdi – endilikda u 180 million yevro bilan dunyoning eng qimmat futbolchisi maqomini boy berdi. Rodri ham 20 millionlik yoʻqotish bilan 110 million yevroga baholangan.
Eng koʻp arzonlashgan futbolchilar:
- Fil Foden («Manchester Siti»): -30 mln → 100 mln yevro;
- Erling Xoland («Manchester Siti»): -20 mln → 180 mln yevro;
- Rodri («Manchester Siti»): -20 mln → 110 mln yevro;
- Martin Edegor («Arsenal»): -15 mln → 85 mln yevro;
- Luis Dias («Liverpul»): -15 mln → 70 mln yevro.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Husanov jamoaga kelganidan soʻng «Manchester Siti» klubining umumiy bozor qiymati qanchaga oʻsgani haqida ham tahliliy material e’lon qilgan edi.