
Oliy Majlis deputati Akmal Saidov va onkolog Jamila Po‘latova Rossiya Fanlar akademiyasining (RFA) xorijiy a’zosi etib saylandi. Yangi a’zolar ro‘yxati ilmiy muassasa saytida e’lon qilindi.
Akmal Saidov sovet va o‘zbek huquqshunosi, huquq fanlari doktori. U qiyosiy huquq va xalqaro huquq haqidagi asarlari bilan mashhur.
Saidov Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazga rahbarlik qiladi. 2017-yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining faol a’zosi etib saylangan va ikki marta mamlakat prezidentligiga nomzodini qo‘ygan (2015-yilda 3 foiz ovoz olib, ikkinchi o‘rinni egallagan). 2022-yilda Akmal Saidov Konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha milliy komissiya raisi bo‘lgan.

Jamila Po‘latova – o‘zbekistonlik ortoped-jarroh va onkolog, Toshkent davlat stomatologiya instituti professori. Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tayanch-harakat tizimi o‘smalari bo‘limi ilmiy mudiri sifatida faolyat olib boradi.
Po‘latova amaliyotchi jarroh, 150 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi sifatida tanilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Migrantlar uchun patent olish tartibining bir qismi O‘zbekistonga o‘tkazilishi rejalashtirilayotgani haqida yozgan edi.