O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 8,7% gacha pasaydi

eʼlon qilindi
Bu ko‘rsatkich aprel oyidagi 10,1% ga nisbatan 1,4 foiz bandga past
INI
O‘zbekistonda yillik inflyatsiya 8,7% gacha pasaydi / Foto: Depositphotos

2025-yilning may oyida O‘zbekistonda yillik inflyatsiya (iste’mol narxlari indeksi — INI) 8,7% ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich aprel oyidagi 10,1% ga nisbatan 1,4 foiz bandga past. Oylik inflyatsiya esa 1,5% ni tashkil etdi, deb xabar bermoqda Milliy statistika qo‘mitasi.

Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, narxlar o‘sishiga eng katta hissa kommunal xizmatlar, elektr energiyasi va gaz tariflarining oshirilishi sabab bo‘lgan. Masalan, elektr narxi o‘rtacha 18,8%, gaz esa 39,2% ga qimmatlashdi. Shuningdek, metan yoqilg‘isi narxi 27% ga oshdi.

Foto: Ekran tasviri

«2025-yil may oyidan boshlab, aholi iste’moli uchun elektr energiyasi va tarmoq gazi uchun yangilangan tariflar joriy qilindi. Respublika bo‘yicha elektr energiyasi narxi o‘rtacha 18,8 % ga (salmoq vazni 2,4 %, INI o‘sish sur’tiga ta’siri +0,45 f.d.), tarmoq gaz esa 39,2 % ga (salmoq vazni 1,5 %, INI o‘sish sur’tiga ta’siri +0,60 f.d.) oshishi kuzatildi», — deyiladi Milliy statistika qo‘mitasi xabarida.

Shu bilan birga, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oy davomida 0,9% ga kamaydi. Bu asosan yangi hosil sabzavotlari narxining tushishi (bodring –61%, pomidor –27%) bilan bog‘liq. Biroq o‘simlik yog‘i (4%) va shakar (2,2%) qimmatlashgani qayd etilgan.

Yil boshidan buyon eng katta narx o‘sishi xizmatlar sohasida kuzatildi — bu yo‘nalishda INI 9,8% ni tashkil etdi. Xususan, transport, aloqa va ko‘ngilochar xizmatlar narxi oshgan.

Foto: Ekran tasviri

Hududlar kesimida inflyatsiya darajasi Farg‘ona (11%) va Xorazm (9,1%) viloyatlarida yuqori bo‘lgan.

Shuningdek