
Migratsiya agentligi va «Japan-China-Asia Medical Educational Cultural Exchange General Incorporated Association» (JCAEMCE) tashkiloti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Bu haqda agentlik rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, mazkur tashabbus doirasida O‘zbekistonda tayyorlov jarayonlari yo‘lga qo‘yiladi. Xususan, «Yapon mahorat nuri» o‘quv markazlari Toshkent shahri, Samarqand va Namangan viloyatlarida tashkil etilib, unda yapon tili, kasbiy malaka imtihonlariga tayyorgarlik va ishga joylashish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar o‘rgatiladi.
Shuningdek, 2025-yil iyun oyida faoliyat boshlashi rejalashtirilgan WiseBridge maxsus onlayn platformasi orqali Yaponiyadagi bo‘sh ish o‘rinlarini tanlash, ish beruvchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanish imkoniyati yaratiladi.
Yaponiyaning sobiq bosh vaziri, JCAEMCE tashkiloti rahbari Yukio Hatoyama ta’kidlaganidek, O‘zbekiston yoshlar soni tez sur’atlarda ortib borayotgan, mehnat bozori salohiyati yuqori bo‘lgan mamlakat sifatida Yaponiyaning ishonchli hamkorlaridan biriga aylanmoqda.
Loyihada ishtirok etish istagini bildirganlar (71) 202-33-55 (ichki raqam: 545) telefon raqami orqali qo‘shimcha ma’lumot olishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq o‘zbekistonlik hamshiralar Germaniyaga ishga taklif qilingani haqida xabar bergan edik.