«Agrobank» reklama talablari buzilgani uchun jarimaga tortildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan olib borilgan tekshiruvlar natijasida «Agrobank» ATB tomonidan joylashtirilgan ayrim reklama materiallari amaldagi qonunchilik talablariga mos kelmasligi aniqlangan.
Xususan, bank tomonidan «Agrobank Mobile» ilovasini yuklab olib, 100 million so‘mgacha mikroqarz olish imkoniyatini targ‘ib qiluvchi reklamalarda kredit shartlarining asosiy va muhim jihatlari ko‘rsatilmagan. «Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 43-moddasiga binoan, moliyaviy xizmatlarni ko‘rsatuvchi reklamalar foydalanuvchilarni chalg‘itmaydigan tarzda tayyorlanishi, asosiy shartlar esa ochiq-oydin ko‘rsatilishi kerak.
Qo‘mita huzuridagi maxsus komissiya mazkur holat bo‘yicha qonunbuzarlik ishi qo‘zg‘atdi va uni ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra «Agrobank» ATBga nisbatan moliyaviy jarima qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Bundan tashqari, bankka qonunbuzarlikni bartaraf etish va kelgusida bunday holatlarga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan to‘rtta tur kompaniya litsenziyasiz reklama bergani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.