Farg‘onada hokim yordamchilari va bank mas’ullarining soxta kredit sxemasi fosh etildi

Farg‘ona viloyatida Xalq bankining O‘zbekiston bank xizmatlari markazi xodimlari va hokim yordamchilari ishtirokidagi korrupsiya holatlari aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda bank markazida faoliyat yurituvchi mahalla bankiri markaz boshqaruvchisi o‘rinbosari bilan til biriktirib, ikki nafar fuqaro nomiga 66 mln so‘m kredit ajratish evaziga 10 mln so‘m pora talab qilgani aniqlandi. Mahalla bankiri pulni olayotganda qo‘lga olindi. Tergovga qadar tekshiruv davomida u ilgari ham 600 ming so‘m, boshqaruvchining o‘rinbosari esa 920 ming so‘m olgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston tumani mahallalarida faoliyat yurituvchi ikki nafar hokim yordamchisi va bir MCHJ rahbari soxta hujjatlar asosida boshqa shaxslar nomiga 153 mln so‘mlik kredit ajratilishiga erishib, bu mablag‘larni naqdlashtirgan va talon-toroj qilgan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bank boshqaruvchisi o‘rinbosari avvalroq – 2000 va 2015-yillarda ham firibgarlik va pora olish moddalariga binoan sudlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda ko‘chmas mulk savdosi bilan shug‘ullanadigan ikkita kompaniyaga jinoiy ish ochilgani haqida xabar bergan edi.