Fuqarolarning murojaatlari asosida millionlab so‘mlar qaytarildi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi so‘nggi haftalarda bir nechta hududda iste’molchilarning haqlarini tikladi.
Farg‘ona viloyati – Dang‘ara tumanida yashovchi fuqaro gaz ta’minoti korxonasi tomonidan 5 mln 117 ming so‘m miqdorida asossiz qarzdor deb topilgan. O‘rganishlar yakunida bu mablag‘ noqonuniy hisoblangani aniqlanib, qarzdorlik bekor qilindi.
Samarqand viloyati – Fuqaro tomonidan to‘rt oy avval «Dunyo Travel» MCHJdan o‘rnatilgan quyosh paneli sifatsiz bo‘lgani uchun uni almashtirish talabi bilan qilgan murojaatiga javoban, kamchiliklar bartaraf etilib, iste’molchiga 5 mln so‘m zarar qaytarildi.
Toshkent shahri – Fuqaro «Uzmobile» orqali «Uzmillion» viktorinasida yutgan 13,2 mln so‘m mablag‘ini ololmagani haqida shikoyat qilgan. O‘tkazilgan o‘rganish natijasida kompaniyaga qonuniy tushuntirishlar berildi va pul mablag‘i iste’molchiga qaytarildi.
Xorazm viloyati – Fuqaro N.R. 8,3 mln so‘mga xarid qilgan «Samsung» rusumli muzlatkich kafolat muddati davomida nosoz holga kelganini, biroq servis markazi uni ta’mirlashdan bosh tortganini ma’lum qilgan. Qo‘mita aralashuvi bilan mahsulot nuqsonli deb topildi va xaridorga pul to‘liq qaytarildi.
Qo‘mita iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha faoliyatini davom ettirmoqda. Ma’lumot uchun, «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunga ko‘ra, sotuvchi yoki ijrochi mijozni qo‘shimcha mahsulot yoki xizmatni xarid qilishga majburlashga haqli emas, shuningdek, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun to‘lov undirilishi taqiqlanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Agrobank» reklama talablari buzilgani uchun jarimaga tortilgani haqida xabar bergan edi.