
Google Pixel 9 Pro XL — Google tomonidan ishlab chiqilgan flagman smartfon bo‘lib, u mukammal kamera tizimi bilan ajralib turadi. Kursiv Uzbekistan Palach nashriga tayanib ma’lumotlarni to‘pladi.
Displey
Qurilma 120 Gs yangilanish chastotali, 6,8 dyuymli LTPO OLED ekranga ega bo‘lib, 2K QuadHD aniqlik, HDR10+ va 3000 nitgacha yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Bunday displey har qanday sharoitda, hattoki kuchli quyosh nurlari ostida ham ajoyib tasvir sifatini taqdim etadi.
Protsessor
Ichki «temir» – Google Tensor G4 chipi yuqori grafik sozlamalarda ham barqaror ishlashni ta’minlaydi. U, ayniqsa, mashinali o‘rganish (AI) asosidagi imkoniyatlar bilan ajralib turadi. Bu esa suratga olish va dastur ish faoliyatini sezilarli yaxshilaydi.
Kamera
Flagman uch karra kamera tizimi bilan jihozlangan. 50 MP asosiy modul, 48 MP ultra keng burchakli va 48 MP 5 karra optik zumga ega teleobyektiv. Old kamerasi esa 42 MP bo‘lib, ayniqsa, blogerlar va selfi ishqibozlari uchun mos. Qorong‘ilikda suratga olish imkoniyatlari – bozordagi eng yaxshilaridan biri.
Avtonomiya
5060 mA/soat sig‘imli akkumulyator kun davomida bemalol yetadi. Qurilma 37 Vt tez zaryadlash va simsiz quvvatlanishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Qo‘shimcha afzalliklar
IP68 namlik va changdan himoya darajasi, NFC, toza Android tizimi va 7 yilgacha yangilanishlar.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pixel 10 modelining tafsilotlari ma’lum bo‘lgani haqida xabar bergan edi.