Sport

O‘zbekiston TIV BAA aeroportlaridagi holat yuzasidan bayonot berdi

Fuqarolar BAA hududiga kirishni boshlagan
Foto: Shohruh Haydarov / Telegram

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Birlashgan Arab Amirliklari (BAA)dagi aeroportlarda yuzaga kelayotgan holatlar yuzasidan rasmiy bayonot berdi.

Ma’lum qilinishicha, BAAning turli aeroportlari orqali mamlakat hududiga kirayotgan xorijliklar, jumladan, O‘zbekiston fuqarolari yuzasidan tekshiruv jarayonlarining cho‘zilib ketishi TIV tomonidan doimiy monitoring ostiga olingan.

Vazirlik hozirda fuqarolarning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilish maqsadida zarur barcha choralarni ko‘rmoqda. Abu-Dabi shahridagi elchixona hamda Dubaydagi Bosh konsulxona tomonidan BAAning tegishli tashkilotlari bilan vaziyat bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilgan va aloqa uzluksiz davom ettirilmoqda.

BAA tomoni bergan rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda mamlakatda o‘tayotgan turli xalqaro tadbirlar sababli xavfsizlik choralarining kuchaytirilishi natijasida aeroportlardagi tekshiruv vaqti uzaygan.

Ayni paytda o‘zbekistonlik fuqarolarning imkon qadar tezroq tekshiruvdan o‘tkazilishi uchun barcha zarur choralar ko‘rilmoqda va natijada ular BAA hududiga kirishni boshlagan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan futbol bo‘yicha BAA – O‘zbekiston o‘yinida o‘zbekistonliklar stadionga kira olmasligi mumkinligi haqida xabar bergan edi.