Toshkentda Markaziy Osiyo Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi vakolatxonasi ochildi

2-iyun kuni Toshkentdagi Green University hududida Markaziy Osiyo Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) vakolatxonasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kursiv Uzbekistan muxbiri ma’lum qildi.
Tadbirda Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etdi. Yangi ofis Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonga xizmat ko‘rsatadi va mintaqada tabiatni muhofaza qilish, bioxilma-xillikni saqlash va iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha sa’y-harakatlarga ko‘maklashadi.
O‘zbekiston ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov ochilish marosimida so‘zga chiqib, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan ekologik siyosat natijasida mamlakatda barqaror rivojlanish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilayotganini ta’kidladi. Vazir Green University’da vakolatxona ochilishi tasodifiy emasligini, bu joy ilmiy tadqiqotlar, talaba va mutaxassislar uchun bevosita hamkorlik maydoniga aylanishini ta’kidladi.
IUCN bosh direktori doktor Gretel Agilar ham nutq so‘zlab, Toshkentda ofis ochilishi nafaqat tashkilotning jismoniy mavjudligi, balki Markaziy Osiyo bilan ekologik hamkorlikni chuqurlashtirish ramzi ekanini bildirdi.
Ofis IUCN’ning global vositalari – Qizil ro‘yxat, Yashil ro‘yxat va ekologik yechimlar standartini mintaqaviy loyihalar bilan bog‘lab, ekspert markazi sifatida ishlaydi. Markaziy Osiyo vakolatxonasi rahbari etib Dmitriy Gorshkov tayinlandi.
Ofis tashabbuslari qatorida «Tabiatni asrashda yagona salomatlik», «Blue Peace Central Asia 2.0» va O‘zbekistonda qimmatli ekotizimlarni tiklashga qaratilgan FOLUR subkomponenti mavjud.