AQSh Suriyaga xorijlik jihodchilarni armiyaga qabul qilishga ruxsat berdi

AQSh yangi Suriya hukumatining xorijlik sobiq jihodchilarni armiyaga qabul qilish rejasini ma’qulladi, deb yozadi Reuters manbalariga tayanib. Vashington ularni ochiq va nazorat ostida armiyaga qo‘shishni so‘radi.
Kutilishicha, 84-armiya diviziyasiga xitoylik uyg‘urlar va boshqa davlat fuqarolari kiritilishi kutilmoqda. Jami 3,5 ming nafar xorijlik qabul qilinadi. AQShning Turkiyadagi elchisi Tomas Barakning so‘zlariga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi yangi Suriya hukumatiga sodiq.
Avvalroq AQSh hukumati Damashqdan xorijlik jangarilarning xavfsizlik idoralarida ishlashini taqiqlashni talab qilgan edi. Biroq AQSh prezidenti Donald Trampning Suriya rahbari Ahmad Ash-Sharo bilan uchrashuvidan so‘ng Vashingtonning pozitsiyasi o‘zgardi.
Uchrashuvda Ash-Sharo AQShni xorijliklarni armiyaga qabul qilish yaxshiroq variant ekaniga ishontirgan, aks holda ular «Al-Qoida» yoki «Islomiy davlat»ga qo‘shilishi mumkinligini aytgan.
Keyinroq Suriyaning yangi rahbari xorijlik jangarilar va ularning oilalariga Suriya fuqaroligini berish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Bunga ularning sobiq hukumat – Bashar Asad boshchiligidagi rejimga qarshi kurashdagi roli sabab qilib ko‘rsatildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Saudiya Arabistoni va Qatar Suriyaning Jahon bankidagi qarzini to‘lashni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.