Farg‘onadagi gaz quyish shoxobchasi 597 million so‘mlik tabiiy gazni o‘g‘irlagan

Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida faoliyat yurituvchi «Sh.O.S» MCHJga qarashli avtomobillarga gaz quyish kompressor shoxobchasi tomonidan 331,7 ming kub metr tabiiy gaz hisobga olinmasdan ishlatilgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu holat gaz yetkazib berish tizimidagi hisob uskunalariga tashqi ta’sir ko‘rsatish orqali amalga oshirilgan. Natijada davlatga 597,1 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgan.
Mazkur vaziyat bo‘yicha «Sh.O.S» MCHJning mas’ul xodimlariga nisbatan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki surishtiruv jarayonida yetkazilgan zarar to‘liq undirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Zangiotadagi «zapravka»da 1,4 mlrd so‘mlik gaz o‘g‘irlangani haqida yozgandi.