
Google Android uchun yangi «AI Edge Gallery» ilovasini taqdim etdi. Ushbu eksperimental dastur orqali foydalanuvchilar Hugging Face platformasidagi sun’iy intellekt modellarini bevosita smartfonlarida ishga tushirishi mumkin. Bu haqda Lifehacker xabar bermoqda.

Ilova internetga ulanmasdan ishlaydi – barcha hisob-kitoblar qurilmaning protsessori orqali amalga oshiriladi. U matn yozish, rasm generatsiyasi, kod tahrirlash va savollarga javob berish kabi vazifalarni bajaradi.
Foydalanuvchilarga qulaylik yaratish maqsadida tayyor topshiriqlar andozalari hamda matnlarni qayta ifodalashga yordam beruvchi Prompt Lab bo‘limi taqdim etilgan. Har bir vazifa uchun mos modellardan foydalanish mumkin.

Ilova samaradorligi qurilma quvvatiga bog‘liq bo‘lib, kuchli telefonlarda tezroq ishlaydi.
Dastur hozircha alpha-versiyada taqdim etilgan va Apache 2.0 litsenziyasi ostida GitHub’da mavjud. Uni APK-fayl ko‘rinishida ham yuklab olish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘zbekiston madaniyatni sun’iy intellekt yordamida rivojlantirishi haqida yozgan edi.