Italiyada Etna vulqoni otildi – video

eʼlon qilindi
Rasmiylar hodisa aholi uchun xavf tug‘dirmayotganini ma’lum qilishdi
Foto: Giuseppe Distefano/AP

Italiyaning Etna vulqoni harakatga keldi, undan kuchli portlash natijasida kul, gaz va toshlardan otilib chiqdi. Bu haqda The Guardion nashri xabar berdi. Biroq rasmiylar hodisa aholi uchun xavf tug‘dirmayotganini ma’lum qilishdi.

Italiya Geofizika va vulqonologiya milliy instituti (INGV) bergan ma’lumotga ko‘ra, portlash dushanba, 2-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:24 da boshlangan. Janubi-sharqiy kraterning shimoliy yonbag‘rida materiallarning qulab tushishi natijasida piroklastik oqim yuzaga kelgani kuzatilgan. Bunday oqim issiq gaz, kul va vulqon jinslarining jadal harakati bo‘lib, juda xavfli hisoblanadi.

Mutaxassislar portlash keyinchalik lava favvorasiga aylanganini va kul ustuni janubi-g‘arb tomonga tarqalayotganini aytishdi.

Video: Ijtimoiy tarmoqlar

Sitsiliya mintaqasi prezidenti Renato Shifani matbuotga bergan bayonotida, vulqon otilishi Sayyohlar vodiysi deb ataluvchi hududdan nariga o‘tmaganini, aholi xavf ostida emasligini ta’kidladi. Biroq regional fuqarolik muhofazasi rahbari Salvo Kocina turistlarga ushbu hududga bormaslikni tavsiya qildi.

Havoga chiqqan vulqon ustunining balandligi 6,5 kilometr ekani sababli aviatsiya uchun qizil ogohlantirish berildi. Shunga qaramay, Kataniya aeroporti o‘z faoliyatini davom ettirmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Turkiyada 5,8 magnitudali zilzila yuz bergani haqida yozgandi.

Shuningdek