O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi tashkil etiladi

«O‘rmontexnoservis» davlat unitar korxonasi bazasida «O‘rmon xo‘jaligini raqamlashtirish markazi» nomli yangi davlat muassasasi tashkil etiladi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar berdi.
Prezidentning «O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorga muvofiq, o‘rmon fondi boyliklaridan oqilona foydalanish bo‘yicha quyidagi ustuvor vazifalar belgilandi:
- 2030-yilga qadar 1,5 mln gektarda yangi o‘rmonlar yaratish va mavjudlarini tiklash, shuningdek, 3,8 ming gektar maydonda dorivor, oziq-ovqatga yaroqli va ziravor o‘simliklar maydonlarini barpo etish;
- 2030-yilgacha 9,2 ming tonna daraxt va buta urug‘larini jamg‘arish, shuningdek, 919 mln dona ko‘chat va nihollarni parvarishlab yetishtirish;
- 2025–2026-yillarda tog‘ va tog‘ etaklarida 500 gektarlik maydonda «terrasa» texnologiyasi asosida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish.
Shuningdek, «O‘rmon xo‘jaligini raqamli boshqarish markazi» «Aqlli o‘rmon xo‘jaligi» (Smart Forestry) nomli axborot tizimining yagona operatori vazifasini bajaradi.
Markaz orqali o‘rmon resurslarini nazorat qilish va boshqarish jarayonlari raqamlashtiriladi, ularning holati onlayn monitoring qilinadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Yevrosiyoning 415 mlrd dollarlik raqamli transformatsiyasida yetakchilik qilishi mumkinligi haqida xabar bergandi.