O‘zbekistonning to‘rtta hududida Haj safarini va’da qilgan tovlamachilar qo‘lga olindi

eʼlon qilindi
Andijon, Qashqadaryo, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida
Tovlamachilar / Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Andijon, Qashqadaryo, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahrida fuqarolarni noqonuniy yo‘llar orqali Hajga yuborishni va’da qilgan. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Xususan, Andijon shahrida ilgari bir necha marotaba sudlangan fuqaro faoliyati to‘xtatilgan turistik kompaniya nomidan faoliyat yuritgan. U 10 nafar insonni ziyoratga jo‘natishini aytib, har biridan $5 mingdan, jami $50 ming olayotganida daliliy ashyolar bilan qo‘lga tushgan.

Shunga o‘xshash holat Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida ham qayd etilgan. Bu yerda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan, 1985-yilda tug‘ilgan shaxs bir fuqaro va uning qarindoshini tanishlari orqali Hajga yuborishni va’da qilgan. U ushbu xizmat evaziga $14 ming olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Namangan shahrida ham mahalliy turistik agentliklaridan birida menejer lavozimida ishlovchi shaxs ikki nafar fuqaroni aldagan. U Saudiya Arabistoniga borishni tashkil etish bahonasida $20 ming talab qilgan. U shundan $10 mingni oldindan qabul qilganida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.

Yana bir shunga o‘xshash voqea Toshkent shahrida kuzatilgan. Bu yerda faoliyat yuritayotgan turistik kompaniya xodimi Farg‘ona viloyatining Toshloq tumanida yashovchi fuqaro nomidan Haj safarini uyushtirib berishini va’da qilgan. U Qo‘qon shahrida $9 ming olayotganida qo‘lga tushgan.

Hozirgi paytda aniqlangan barcha holatlar yuzasidan ayblanuvchilarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov jarayonlari olib borilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sirdaryo va Farg‘onada Hajga yuborishni va’da qilib, fuqarolarni aldaganlar ushlangani haqida yozgandi.

Shuningdek