«Tanklar olami» o‘yini ishlab chiqaruvchisi ekstremistlar ro‘yxatiga kiritiladi

Moskva shahrining Taganskiy tuman sudi tomonidan Rossiyadagi mashhur o‘yin ishlab chiqaruvchisi – «Lesta» kompaniyasi faoliyati ekstremistik deb topildi va uning ishlashi rasman taqiqlandi. Bu haqda Tass ma’lum qildi.
Bu qaror asosida kompaniya, uning shuba tashkilotlari va rahbarlari – Viktor Kisliy hamda Malik Xatajayev – Rossiya Federal moliyaviy monitoring xizmati tomonidan ekstremistlar va terrorchilar reyestriga kiritilishi mumkin.
«Lesta» – «Tanklar olami» (World of Tanks) va «Kema jangi olami» (World of Warships) kabi mashhur onlayn o‘yinlarning Rossiyadagi ishlab chiqaruvchisi. Dastlab bu o‘yinlar Belarusga tegishli «Wargaming» kompaniyasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan edi, biroq 2022-yilda urush fonida kompaniyalar ajralib ketdi. Wargaming Ukrainani qo‘llab-quvvatlab, Rossiyani tark etdi. «Lesta» esa Rossiya va Belarus bozoriga yo‘naltirilgan mustaqil o‘yin ishlab chiqaruvchisiga aylandi.
Rossiya Bosh prokuraturasi sudga da’vo arizasi kiritib, kompaniya va uning rahbarlarini Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlaganlikda aybladi. Sud qarorida ularning faoliyati «ekstremistik xatti-harakatlar» deb baholandi.
«Lesta» kompaniyasi ushbu qaror bilan rozi emasligini bildirib, apellyatsiya shikoyati kiritishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vyetnamda Telegram messenjeri bloklangan edi.