Chevrolet Cobalt uch yilda ishdan chiqadigan avtomobillar qatoriga kirdi

Avtomobil tanlayotganda faqat uning dizayni va qulayligigagina emas, balki yillar davomida ishonchli xizmat qilishiga ham e’tibor qaratamiz. Ba’zi avtomobillar yillar davomida o‘z ko‘rinishini va ishlash sifatini saqlab qoladi, boshqalari esa atigi uch yil ichida ishdan chiqa boshlaydi. Bunday farq nimaga bog‘liq va qaysi modellar vaqt sinoviga dosh beradi? Kursiv Media tomonidan tayyorlangan ushbu maqola orqali bu haqda batafsil so‘z yuritamiz.
Vaqt sinoviga bardosh berish nimani anglatadi?
Bu avtomobilning texnik va tashqi holati yillar davomida barqaror saqlanishidir. Bunday avtomobillar ko‘p yillar o‘tgach ham jozibador ko‘rinadi, tez-tez ta’mirlashga muhtoj bo‘lmaydi va qayta sotishda narxi keskin pasaymaydi.
Vaqt o‘tsa ham jozibasini yo‘qotmaydigan modellar
J.D. Power tadqiqot agentligining hisobotlariga ko‘ra, yapon va nemis avtomobillari texnik jihatdan eng ishonchli deb topilgan. Bu ular har yili e’lon qiladigan Vehicle Dependability Study (Avtomobil ishonchliligi tadqiqoti) hisobotlarida ko‘rsatilgan.
- Toyota Camry (XV50 va XV70 modellari) – O‘zbekistonda uchraydigan sedanlardan biri. Uning bo‘yog‘i so‘nmaydi, salon materiallari yaroqsiz holga kelmaydi, dvigatel va yurish tizimi esa uzoq muddat xizmat qiladi. Kolesa Group mutaxassislari Camry modeli ikkilamchi bozorda o‘z qiymatini yo‘qotmasligini ta’kidlaydi.
- Lexus RX – premium toifadagi krossover. Yuksak sifatli ichki qoplamalari va ishonchli yurish tizimi tufayli yillar o‘tgach ham obro‘sini saqlab qoladi.
- Volkswagen Passat (B7 va B8 modellari) – nemis sifatining klassik namunasi. Korpusi korroziyaga chidamli, dizayni o‘zini yo‘qotmaydi, saloni esa qulayligi bilan ajralib turadi.
- Honda CR-V – sovuq ob-havo va yomon yo‘llarga bardosh bera oladi, ishonchliligi yuqori baholanadi.
- Kia Sportage (2016-yildan keyingi modellari) – sifat va tashqi ko‘rinishda sezilarli o‘zgarishlarga ega koreys avtomobili. CarVertical tadqiqotlariga ko‘ra, bu modelning bo‘yog‘i tashqi ta’sirlarga chidamli, salon esa sifatli materiallardan tayyorlangan.
Uch yil ichida ishdan chiqadigan modellar
Ayrim avtomobillar atigi 2-3 yil ichida texnik jihatdan ham, tashqi ko‘rinish bo‘yicha ham muammoli holatga keladi. Bunga arzon materiallardan foydalanish, ishonchsiz elektronika sabab bo‘ladi. Drive2 platformasi ma’lumotiga ko‘ra, bunday avtomobillar hozirgi bozorda anchagina.
- Renault Duster (birinchi avlod) – mashhurligiga qaramay, bir necha yildan so‘ng bo‘yog‘i so‘nadi, g‘ichirlovchi tovushlar paydo bo‘ladi, kuzovda zang bosilishi kuzatiladi. Bu haqda ommaviy so‘rovnomada ishtirok etgan haydovchilar bildirgan.
- Chevrolet Cobalt va Nexia (UzAuto Motors) – budjet toifasidagi avtomobillar. Salondagi plastmas materiallar tezda ishdan chiqadi, o‘rindiqlarning qoplamasi esa qisqa muddatda eskiradi.
- Lada Vesta va Granta – ayrim jihatlari yaxshilangan bo‘lsa-da, ichki plastigi va bo‘yog‘i hali ham past sifatda. Drom.ru portali xabariga ko‘ra, bu avtomobillarda uch yil ichida zang bosish belgilarini ko‘rish mumkin.
- Chery Tiggo (ilk modellari) – elektron tizimi tezda ishdan chiqadi, multimedia tizimi sekin ishlaydi, bo‘yoqlari so‘nadi. Garchi yangi modellarda bu kamchiliklar bartaraf etilgan bo‘lsa-da, avvalgi tajribalar haydovchilar xotirasida qolgan.
- Nissan Juke va Qashqai – dizayni noodatiy bo‘lsa-da, variator uzatmalar qutisi tezda buziladi, salon va bo‘yog‘i esa tezda eskiradi. WhatCar tadqiqotiga ko‘ra, bu modellarning eskirishi eng tez bo‘lgan krossoverlar qatoriga kiradi.
Qaysi omillar avtomobilning uzoq umr ko‘rishiga ta’sir qiladi?
Avtomobilning mustahkam yoki tez eskirishiga quyidagi omillar ta’sir ko‘rsatadi:
- Kuzovning rux bilan himoyalanish darajasi va bo‘yoq sifati;
- Salondagi material sifati – arzon plastmassa tez sinadi yoki g‘ichirlaydi;
- Uzatmalar qutisi turi – CVT va robot qutilar an’anaviy avtomatiklarga qaraganda tezroq buziladi;
- Zavodda korroziyaga qarshi ishlov berilganlik darajasi;
- Yig‘ilish sifati;
Avtomobilni uzoq muddat yangi holatda saqlash uchun nima qilish kerak?
- Antikorroziyaga qarshi ishlov berish;
- Qishda, ayniqsa tuz sepilgan yo‘llarda, avtomobilni tez-tez yuvish;
- Himoya qoplamalari yoki plyonka qo‘llash;
- O‘z vaqtida texnik xizmat ko‘rsatish;
- Sifatli gilamlar va qoplamalar ishlatish;
- Faqat asl (original) ehtiyot qismlarni qo‘llash;
Xulosa qilib aytganda, ayrim avtomobillar yillar davomida ishonchlilik va jozibadorlikni saqlab, egasiga ortiqcha xarajat keltirmaydi. Boshqalari esa uch yil ichida qimmat ta’mirga muhtoj bo‘lib qoladi. Shuning uchun avtomobil tanlayotganda faqat boshlang‘ich narxiga emas, balki uning uzoq muddatli sifatiga, ishlatilgan materiallariga va real foydalanish sharoitlariga e’tibor qaratish zarur.